Pentagon AQShga tahdid solayotgan besh xavfni oshkor qildi
AQSh Mudofaa vaziri Eshton Karter Pentagonning 2016-2017 moliyaviy yilidagi byudjyeti loyihasi beshta xavf — Rossiya, Xitoy, Shimoliy Koreya, Eron va IShIDni hisobga olgan holda tayyorlanganini ma'lum qildi.
Karterning so‘zlariga ko‘ra, AQSh Rossiya va Xitoyning harakatlariga javob sifatida yangi qurollar uchun xarajatlar miqdorini oshirishni mo‘ljallamoqda. Pentagon rahbari Rossiyaning Ukrainadagi “agressiyasi” va XXRning Janubiy Xitoy dengizidagi bahsli orollar bo‘yicha e'tirozlarini esga olib o‘tdi.
Pentagon 2016-2017 moliyaviy yili uchun 582,7 milliard dollar so‘ramoqda. AQShning harbiy byudjyeti 2014-2015 moliyaviy yilida 585 milliard dollarni tashkil etgan edi. Yangi byudjyetdagi yirik band ilmiy-texnikaviy ishlanmalarni o‘z ichiga oladi.
Shu maqsadlar uchun Pentagon 71,4 milliard dollar so‘ramoqda. 8,1 milliard esa suv osti floti uchun ajratiladi. IShIDga qarshi kurash uchun xarajatlar esa 50 foizga oshirilib, 7,5 milliard dollarga yetdi. Shuningdek, 3,4 milliard dollar AQSh Yevropadagi harbiy bazalari uchun sarflanadi.