Poroshenko: Rossiyaning urush boshlash tahdidi ortmoqda
Ukraina prezidenti Petro Poroshenko Rossiyaning ochiq urush olib borishi xavfi, o‘tgan yilga nisbatan o‘sganini ta'kidladi. Bu haqda u Germaniya kansleri Angela Merkel bilan uchrashuvdan keyin Bild nashriga bergan intervyusida ma'lum qilgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya hukumati hamon Minsk kelishuviga amal qilmasdan kelmoqda. Bundan tashqari, prezident rossiyalik harbiylarning Ukraina hududiga kiritilganini iddao qildi. Shu bilan birgalikda, Rossiya hukumati bir necha marotaba Ukraina hududida rus askarlarining yo‘qligi haqida bayonot bergan.
Poroshenkoning ta'kidlashicha, Rossiya chegaraga yaqin hududda yangi harbiy baza qurishda davom etmoqda va doimiy ravishda mashg‘ulotlar o‘tkazmoqda.
«Rossiya urushga tayyorgarlik ko‘rish uchun juda katta investitsiya kiritishda davom etmoqda. Biz bu borada hech qanday tushuntirish olganimiz yo‘q», — deydi Ukraina rahbari.
Poroshenkoning ta'kidlashicha, mamlakatni himoya qilish uchun Germaniyadan qurol-yarog‘ olib kelinishini ta'minlash kerak bo‘ladi.