Jahon | 23:03 / 06.02.2016
6063
2 daqiqa o‘qiladi

Buxoroda temir yo‘l vokzalining yangi binosi qurilmoqda

Buxoroda temir yo‘l vokzalining yangi binosi qurilmoqda, deb xabar bermoqda "O‘zbekiston temir yo‘llari" AJ axborot xizmati.

Vokzalning eski bir qavatli binosi uzoq 1902 yilda qurilgan edi va o‘tgan yilning yozida buzib tashlangan. O‘shanda yangi vokzalning fundamenti qo‘yilgan va qurilishi boshlangan.

Yangi ikki qavatli vokzal binosi bir vaqtning o‘zida 200 dan ko‘proq yo‘lovchiga xizmat ko‘rsata oladi. Vokzalda kutish zalidan tashqari, VIP-zal va mehmonlar uchun 4 ta dam olish xonasi, onalar va bolalar xonasi, bolalar xonasi, tibbiy punkt va bufet bo‘ladi.

Ayni vaqtga kelib vokzalning devorlari ko‘tarildi, tomi yopildi. Perron qismi kengaytirildi, imkoniyati cheklangan odamlar qulay harakatlanishi uchun maxsus yo‘laklar qurildi.

Bahorda vokzal oldida favvora, temir yo‘l kassasi va avtomobil uchun turargoh quriladi. Vokzalni sentabrda foydalanishga topshirish rejalashtirilmoqda.

Buxoro temir yo‘l vokzali kassasida har kuni mahalliy va xalqaro yo‘lanishlarga 9 mingta chipta sotiladi. 2015 yilda chiptalar savdosi 2014 yilga nisbatan 9 foizga, yo‘lovchilar soni esa 12 foizga oshgan.