Jamiyat | 14:21 / 06.02.2016
6541
2 daqiqa o‘qiladi

Nazarboyeva qozog‘istonliklarni xitoychani o‘rganishga chaqirdi

Qozog‘iston bosh vaziri o‘rinbosari Dariga Nazarboyeva yaqin kelajakda mamlakat fuqarolari xitoy tilini o‘rganishlari kerak ekanligini bildirdi. Bu haqida Novosti-Kazaxstan axborot agentligi xabar tarqatdi.

"Biz bugun bolalarimizni kamida uch tilda (qozoq, rus va ingliz) gapira olishga o‘rgatishimiz kerak. Yaqin kelajakda esa barcha xitoy tilini ham bilishi zarur bo‘ladi. Bizning ulug‘ janubiy qo‘shnimiz — bu bizning taqdirimiz”, deb fikr bildirgan Nazarboyeva Qozog‘iston Ta'lim va fan vazirligi yig‘ilishida.

Uning ta'kidlashicha, Xitoy tez sur'atlarda rivojlanib bormoqda. “Xitoy— bu Xitoy, u shoshilmaydi, barcha yo‘nalishlarni obdon o‘ylab ko‘radi va natijada hammasi yaxshi bo‘ladi. Xitoy — bizning do‘stimiz, muhim iqtisodiy hamkorimiz va mamlakatimiz iqtisodiyotiga katta sarmoya kiritayotgan yirik investor”, deya qo‘shimcha qilgan Nazarboyeva.

Ingliz tilining muhimligi haqida gapirar ekan, u "Barcha o‘quv adabiyotlari, monografiyalar va internetning barcha muhim manbalari ingliz tilida” ekanini aytib, bu tilni bilish shart va zarurligini ta'kidlagan.