Jahon | 16:42 / 08.02.2016
3904
2 daqiqa o‘qiladi

Turkiya 120 ming suriyalik qochqinni o‘z bag‘riga olgan Kilis shahrini tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotiga tavsiya qildi

Turkiyaning hukmron Adolat va taraqqiyot partiyasi rahbari o‘rinbosari Ayxan Sefer Ustyun Nobel qo‘mitasiga 120 ming suriyalik qochqinga boshpana bergan Kilis shahriga Nobel mukofoti berilishi so‘rab murojaat qildi. Hurriet nashrining xabariga ko‘ra, Turkiyaning Kilis shahrining tub aholisi 129 ming nafarni tashkil etadi.

“O‘z aholisi sonicha qochqinga boshpana bergan Kilis butun dunyoga birdamlik va o‘zaro yordam ko‘rsatishning yaqqol namunasi bo‘la oladi. Hurmatli Nobel qo‘mitasi, o‘ylab ko‘ring, agarda 2,5 million aholi yashaydigan Parijning markaziga 2,5 million urushdan qochib kelganlar joylashsa qanday bo‘lardi? Yoki uch millionlik London markaziga shuncha qochqin jam bo‘lsa, inglizlar nima deb o‘ylardi?” – dedi u.

Ustyunning qayd etishicha, Kilisdagi barcha jarayonlar ular kutganchalik kechayotgani yo‘q. Odamlar o‘zlarining ish joylari, uylari, savdo maydonchalari, infratuzilmalarini bo‘lishmoqda. “O‘ylaymanki, dunyoda bunday gumanitar aksiyaga o‘xshashi yo‘q”, - dedi Ustyun.
Kilis provinsiyasi Turkiyaning Suriya bilan chegarasida joylashgan. Uning hududi 1,6 ming kvadrat kilometrni tashkil etib, 129 ming kishi uning markazi Kilis shahri va unga yondosh qishloqlarda istiqomat qilishadi. Geografik joylashuvi sababli aynan ushbu provinsiya suriyalik qochqinlarning ilk boshpanasiga aylanmoqda. Ayni paytda Kilisda 2ta konteynerli shaharcha bunyod etilgan bo‘lib, ularda 33 ming suriyalik istiqomat qilmoqda.