Jamiyat | 16:16 / 09.02.2016
18835
2 daqiqa o‘qiladi

“Majnun”: “U o‘lmagan, lekin tirik ham emas...”

O‘ziga xos filmlari bilan shuhrat qozongan rejissyor Jahongir Ahmedov navbatdagi yangi filmini tugatish arafasida. “Majnun” deb nomlangan tragik melodrama janridagi mazkur filmning ssenariy muallifi va postanovkachi rejissyori Jahongir Ahmedov. Postanovkachi operator Jahongir Ibragimov. Filmning ta'sirchanligini yanada oshiruvchi, mazmunga o‘zgacha bo‘yoq beruvchi ohang va musiqalar muallifi bastakor Doniyor Agzamov.

Filmdagi asosiy rollarda o‘zbek kinosining bugungi kundagi eng mashhur qiyofalarni uchratish mumkin: Ulug‘bek Qodirov, Asal Shodiyeva, Matyoqub Matchonov, Muhammadiso Abdulxayrov, Elyor Mahkamov va hakazo.

Muhabbat, sevgi-sadoqat, vafo va oqibat haqidagi mazkur filmga “U o‘lmagan, lekin tirik ham emas” shiori tanlangan. “U” deganda biror shaxs, aytaylik, film qahramoni nazarda tutilganmi yoki biror tuyg‘umi, ijodkorlar bu haqida ma'lum qilishmadi.

Ma'lumotlarga ko‘ra, film byudjyeti ancha katta. Sababi, unda eng so‘nggi zamonaviy kinotexnologiyalardan foydalanilgan. Turli murakkab effektlar va tasviriy yechimlar asarga yanada ta'sirchanlik bag‘ishlashi kutilayapti.

Aytish kerakki, bugungi o‘zbek tomoshabinining didini avvalgilari bilan solishtirib bo‘lmaydi. Chunki qisqa davrda o‘zbek kino olamiga jahon standartlariga javob beradigan sifatli kinolar kirib kela boshladi. Ayniqsa, “Baron” filmi barcha kinoijodkorlarni mo‘ljalni yanada baland olishga unday oldi.

Xo‘sh, Jahongir Ahmedovning “Majnun” filmi bu an'anani davom ettira oladimi? Savollarimizga filmni ko‘rgach, oydinlik kiritib olamiz.

Shu kunlarda mazkur filmning ijodiy jarayonlariga oid foto va videolavhalari turli ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi.