Messi auksionda Ronalduni mag‘lub etib, 32 mln yevroga noyob "Ferrari"ni xarid qildi
"Barselona" klubi hujumchisi Lionel Messi dunyodagi eng qimmatbaho "Ferrari" avtomobili sohibiga aylandi. Parijda bo‘lib o‘tgan auksionda argentinalik superyulduz 1957 yilda ishlab chiqarilgan Ferrari 335 S Spider Scaglietti avtomobili uchun 32 mln yevro to‘ladi va avvalgi rekorddan 3 mln yevroga o‘tib ketdi. Ispaniyaning AS nashrining xabar berishicha, auksionda bu noyob mashina uchun kurashda uning asosiy raqobatchisi "Real" hujumchisi Krishtianu Ronaldu bo‘ldi.
O‘zining futbol maydonida ham asosiy raqobatchisi bo‘lgan Ronaldudan farqli, Messiga tegishli avtopark uncha ham katta emas. Ronaldu garajida 20 dan ko‘proq mashina, jumladan noyob mashinalar bor, Lionelda esa shu kungacha 10 ta avtomobil bor edi va ular orasida birorta noyobi bo‘lmagan.
Qizig‘i shundaki, agar Messi o‘zining "yangi" Ferrari 335 S Spider Scaglietti mashinasini sotadigan bo‘lsa, olgan puliga Ronalduning avtoparkidan naqd uchtasini sotib olishi mumkin! Avval argentinalik hech qachon 400 ming dollardan qimmatroq mashina sotib olmagan edi, bu yerda esa birdaniga shunday superxarid!
Qiziq, Messining garajida yana qanday mashinalar borikin?
1. Lexus sedani.
2. Ferrari F430 Spider.
3. Maserati Granturismo MC Stradale.
4. Dodge Charger SRT8.
5. Audi Q7.
6. Audi R8.
7. Audi R8 GT.
8. Mini Cooper S cabriolet.
9. Toyota Prius.
10. Range Rover Vogue.