Rossiyalik va germaniyalik olimlar Yer qarida "kislorod daryolari"ni aniqlashdi
Rossiya va Germaniya fizik va geolog olimlari Yer mantiyasida avval noma'lum bo‘lgan qatlamni aniqlashdi. Bu qatlamda ulkan miqdorda suyuq kislorod saqlanadi, deb xabar bermoqda RIA “Novosti” axborot agentligi.
Topilma Germaniyaning DESY sinxrotron markazida lazerli press qurilmasi bilan o‘tkazilgan tajribalar davomida aniqlandi.
"Bizning hisob-kitoblarga ko‘ra, bu qatlamda Yer atmosferasidagidan 8-10 barobar ko‘proq kislorod bor. Bu biz uchun kutilmagan hodisa bo‘ldi va biz hozircha bu "kislorod daryolari" bilan sayyoramiz qarida nima yuz berishidan bexabarmiz", deb aytdi Bayreyt universiteti olimasi Yelena Bikova.
Bu qatlam yer qarida chuqur joylashgan jinslarning asosiy qismlaridan biri bo‘lgan temir oksidining turli ko‘rinishlari turli harorat va bosimlarda o‘zini qanday tutishini kuzatish davomida aniqlandi.