Sport | 17:09 / 12.02.2016
8982
2 daqiqa o‘qiladi

Marca: Ronaldu "Barselona"ga o‘tmoqchiligiga shama qildi

Madridning "Real" jamoasi hujumchisi Krishtianu Ronaldu o‘z tanasini madridliklarning Ispaniya chempionatidagi asosiy raqibi "Barselona" klubi ranglari bo‘lmish ko‘k va anorranglarga bo‘yadi. U shu alfozda faqat ichki kiyimda turib tushgan suratini Instagram tarmog‘idagi sahifasiga joylashtirgan.

Marca nashri va nashr o‘quvchilari buni 31 yoshli futbolchining kataloniyaliklar safiga o‘tishga shama qilayotgani sifatida qabul qilishgan.

Joriy mavsumda Ronaldu "qaymoqranglilar" uchun primero doirasidagi 23ta o‘yinda maydonga tushgan va 19ta gol urgan. U 2015 yilning 22 mart kunida o‘tkazilgan o‘tgan mavsumning 28 turidagi o‘yinda, 32 daqiqada "Barselona" darvozasiga gol urgandi. "Real" va "Barselona" o‘rtasidagi keyingi uchrashuv joriy yilning 3 aprelida, Ispaniya chempionatining 31 turi doirasida, "Kamp Nou" stadionida o‘tkazilishi belgilangan.

Ikki jamoa o‘rtasidagi prinsipial raqiblik 1929 yilda boshlangan. O‘tgan vaqt ichida jamolar o‘rtasida 171ta uchrashuv bo‘lib o‘tgan va ulardan 71tasida madridliklar, 69tasida kataloniyaliklar g‘alaba qilishgan, yana 31ta uchrashuvda durang qayd etilgan.