Ulug‘bek Rahmatullayev: san'atkor kuni bilan ijtimoiy tarmoqda o‘tirsa, qachon ijod qiladi?
O‘zbekistonlik qo‘shiqchi Ulug‘bek Rahmatullayev “Bekajon” gazetasiga bergan intervyusida ijtimoiy tarmoqlarda ko‘p o‘tiradigan hamkasblarini tanqid ostiga oldi.
“Mening asabimni buzadigan jihat shuki, bugun san'atkorlar shaxsiy hayotidagi har bir holatni ijtimoiy tarmoqqa joylashtirib, ko‘z-ko‘z qilishadi, - dedi u. – Go‘yo har kuni shu ishni qilish kerakdek, ya'ni ular buni kun tartibiga aylantirib olishgan. Ijtimoiy saytlarga berilish ijodda susayishga olib keladi, men shundan qo‘rqaman. Bir narsani kuzatdim – ikki yil oldin, ya'ni ijtimoiy tarmoq bu qadar ommalashmagan paytda xonandalarning ijodida yaxshigina o‘sish, sifat bor edi. Ijoddagi o‘sishning susaygani, sifatsiz qo‘shiqlarning ko‘paygani ijtimoiy tarmoqning ta'sir tufayli, deb o‘ylayman. Chunki san'atkor kun bo‘yi o‘zini ijtimoiy tarmoqda reklama qilsa, qachon sifatli qo‘shiq yaratadi? Butun fikru xayoli ijtimoiy tarmoqda bo‘lgan xonandaning sifatli qo‘shiq yaratishiga ishonmayman”.
Rahmatullayev o‘zi ijtimoiy tarmoqlardan kam foydalanishini qo‘shimcha qilib o‘tdi:
“Men ovqatlanish, kiyinish borasidagi shaxsiy suratlarimni ijtimoiy tarmoqqa joylashtirmayman. To‘g‘ri, qaysidir oshpazning mahoratidan ilhomlanib, u tayyorlagan taomni maqtagan bo‘lishim mumkin, lekin o‘sha jarayon xonadonimga tegishli emas”.