Jahon | 08:58 / 14.02.2016
11779
2 daqiqa o‘qiladi

Ortiqcha vaznga ega odamlarga to‘yib nonushta qilish tavsiya qilindi

Buyuk britaniyalik shifokorlar ortiqcha semirishdan aziyat chekuvchi odamlarga to‘yib nonushta qilishdan voz kechmaslikni tavsiya qilmoqdalar. Shiforkorlar bu borada olib borgan tadqiqot natijalarini American Journal of Clinical Nutrition jurnalida chop etishdi.

Nonushtalar ortiqcha vaznga ega odamlarning birdaniga vaznlarini tushirmaydi, biroq ularning jismoniy faolliklari oshishiga va kun davomida iste'mol qilinadigan kaloriyalar sonining kamayishiga olib keladi. Olimlarning ilmiy ishi Buyuk Britaniyaning biotexnologiya va biologiya bo‘yicha tadqiqot kengashi tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.

Olimlar 21-60 yoshdagi ikki guruh odamlarda nonushta qilish, tana vazni va salomatlik o‘rtasidagi bog‘liqni tekshirishga qaror qildilar. Birinchi guruh har kuni soat 11:00 gacha (700 kilokaloriyadan ko‘p bo‘lmagan) va uyqudan turgandan keyin ikki soatdan oshmagan vaqtda nonushta qabul qilgan. Ikkinchi guruhga esa 12:00 gacha faqat suv ichishga ruxsat berilgan.

Olimlar nonushtaning qabul qilinishidan ijobiy samara organizmning individual xususiyatlari (jismoniy holat va tana vazni) va yegulik sifatiga bog‘liqligini qayd qilishdi. Olimlar kelgusida nonushta uchun eng optimal taomnomani aniqlashni rejalashtirmoqdalar.