Jahon | 20:02 / 16.02.2016
6125
1 daqiqa o‘qiladi
Poroshenko Yatsenyukni iste'foga chiqishga chaqirdi
Ukraina prezidenti Petro Poroshenko mamlakat bosh vaziri Arseniy Yatsenyukni va bosh prokuror Viktor Shokinni iste'foga chiqish to‘g‘risida ariza yozishga chaqirgan. Bu haqda Ukraina prezidentining matbuot kotibi Svyatoslav Tsegolko o‘z tvitterida xabar qoldirgan.
"Hukumatga ishonch tiklanishi uchun prezident bosh vazir va bosh prokurordan iste'foga chiqishni so‘radi", deb yozgan Tsegolko.
Bundan oldinroq, Poroshenko va Arseniy Yatsenyuk hukumatning hozircha iste'foga ketmasligi bo‘yicha kelishuvga erishgani haqida xabar qilgandi.
Bundan tashqari, 16 fevral kuni Rada binosi oldida minglab kishilar Yatsenyukning iste'foga chiqishini so‘rab, miting uyushtirishgandi. Miting ishtirokchilari Oliy Rada binosiga quyonlar va xo‘rozlar keltirishgan.