Jahon | 23:17 / 18.02.2016
7196
2 daqiqa o‘qiladi

Domodedovo aeroporti egasi terakt ishi bo‘yicha hibsga olindi

Domodedovo aeroporti egasi Dmitriy Kamenshchik 2011 yilda aeroportda uyushtirilgan terakt ishi bo‘yicha hibsga olindi. Unga "Ehtiyotsizlik tufayli ikki yoki undan ko‘proq odamning o‘limiga olib kelgan, xavfsizlik talablariga javob bermaydigan ishni bajarish yoki xizmatni taqdim qilish" moddasi bo‘yicha ayblov qo‘yildi. Kamenshchik hibsga olinishidan avval uni bu ish bo‘yicha javobgarlikka tortishdari mumkinligini aytgan.

9 fevralda sud Domodedovo aeroportining sobiq direktori Vyacheslav Nekrasov va aeroportning aviatsiya xavfsizligiga javob bergan "Domodedovo erport avieyshen sekyuriti" kompaniyasining sobiq ijrochi direktori Andrey Danilovni hibsga olgandi. Bundan tashqari, aeroportni boshqaruvchi Airport Management Company Limited’ning Rossiyadagi vakolotxonasining sobiq rahbari Svetlana Trishina ham hibsga olingan.

Jinoiy ishning barcha figurantlari aeroportda tegishli xavfsizlik darajasini ta'minlay olmaganlikda gumon qilinmoqdalar. Buning oqibatida terrorchi-xudkush Magomed Yevloyev aeroport ichiga kira olgan.

Domodedovodagi terakt 2011 yilda sodir etilgan. Xudkushning o‘zini portlatishi oqibatida 37 kishi halok bo‘lgandi, 170 kishi jarohatlangandi.

Dmitriy Kamenshchik Forbes jurnali bo‘yicha Rossiyaning eng badavlat odamlari orasida 27-o‘rinni egallaydi.