4 kishining hayotiga qasd qilib, 80 mln so‘m o‘g‘irlagan surxondaryolikka jazo hukmi o‘qildi
Surxondaryo viloyatining Angor tumanida tug‘ilgan Farhod Po‘latov to‘rt kishining hayotiga qasd qilib, 80 million so‘mni o‘g‘irlab ketgan.
Ma'lum bo‘lishicha, Toshkentga ish qidirib kelgan angorlik Farhod Po‘latov jo‘yali ish va mablag‘ topilmagach, uyiga qaytmoqchi bo‘lib, Surxondarayoga qatnaydigan taksilar joyiga keladi. Shu payt 3ta qora paketda pul ko‘targan odamga ko‘zi tushib, niyati buziladi va uning izidan tushadi. Bu pullarni taksichi Xorazmga yetkazib berish uchun olib ketayotgandi. Xayolida zudlik bilan reja tuzib, Farhod ham xorazmlik taksichining avtomobiliga o‘tiradi. Keta-ketgunicha qanday qilib, ularni olib qochish haqida o‘ylab, fursat kutib boradi.
Avtomashina Buxoro viloyati, Romitan tumanida “G‘uzor-Nukus” yo‘nalishidagi metan gazi quyish shoxobchasiga to‘xtaydi. Haydovchining pulning egasi bilan gaplashayotganidan foydalanib, yonidan pichoq chiqaradi va mudrab o‘tirgan yo‘lovchilarga tashlanadi. Ular jon holatda mashina tushgach, rulga o‘tirib, avtomobilni olib qochadi.
Jinoyatchi qo‘rquv va turli shubha-gumonlar bilan katta tezlikda ketayotib, avtomashinani gaz quvuriga borib uradi. Odamlar unga yordam berishadi. Bir oz shikastlangan jinoyatchi avtomobilni qishloqda qoldirib, 80 million so‘mni olganicha Buxoro shahri sari yo‘lga chiqadi.
Keyin ma'lum bo‘lishicha, u o‘tirgan avtomobil egasi ichki ishlar tizimida ko‘p yillar ishlab, nafaqaga chiqqan kishi edi. Jinoyatchilar psixologiyasini juda yaxshi bilgan sobiq huquq tartibot organi xodimi uning xatti-harakatlarini anglab, shubhali “yo‘lovchi”ni kerakli tashkilot vakillariga topshirgan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Buxoro viloyati sudi F.Po‘latovni 17 yil muddatga ozodlikdan mahrum etdi. Bu haqida “Huquq” nashri ma'lum qilgan.