O‘zbekiston Senatida prokuratura organlari nazorati bo‘yicha komissiya tashkil etildi
2016 yil 19 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining hamda Qonunchilik palatasi Kengashining qo‘shma majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda prokuratura organlari ustidan parlament nazorati samaradorligini oshirish masalasi ko‘rib chiqildi. Bu haqda «O‘zbekiston» axborot agentligi xabar bergan.
Yig‘ilish yakunlariga ko‘ra, palatalar kengashlari Senat qoshida prokuratura organlari faoliyatini nazorat qilish bo‘yicha komissiya tashkil etish to‘g‘risida qo‘shma qaror qabul qildi.
Bundan ko‘zlangan maqsad – prokuratura organlari faoliyati ustidan parlament nazoratini amalga oshirishning tashkiliy-huquqiy jihatlarini yanada takomillashtirish, mamlakatda qonun ustuvorligini ta'minlash borasidagi ishlar samaradorligini o‘stirish, fuqarolar huquq va erkinliklari, jamiyat va davlat manfaatlarini ishonchli himoya qilish.
Komissiya zimmasiga prokuratura faoliyati, prokuratura organlari tomonidan o‘z vazifalarining bajarilishi ustidan samarador nazorat olib borish yuklanadi.
Qarorda belgilanishicha, Komissiya a'zolari Senat tomonidan senatorlar orasidan, respublikaning barcha mintaqalarining vakili bo‘lgan 15 kishidan iborat tarkibda Senat vakolati muddatiga saylanadi.
Komissiya o‘z oldiga qo‘yilgan vazifalar bajarilishining borishi to‘g‘risida bir yilda ikki marta Senat Kengashi oldida hisob berishi belgilab qo‘yildi.