Jamiyat | 08:02 / 21.02.2016
7439
3 daqiqa o‘qiladi

Ramzon Qodirov futbolchi Tarasov o‘rniga 300 ming yevro jarimani to‘lab berishni taklif qildi

Checheniston rahbari Ramzon Qodirov "Fenerbaxche" bilan o‘yindan keyin Vladimir Putin tasviri tushirilgan futbolkani kiyib olgan "Lokomotiv" futbolchisi Dmitriy Tarasov bilan bog‘liq mojaroga o‘z munosabatini bildirib, ushbu harakati uchun 300 ming yevro jarimaga tortilgan futbolchi o‘rniga jarimani to‘lab berishni taklif qildi.

Qodirov bu vaziyatga Instagram’dagi sahifasida sharh berib o‘tdi.

"Shaxsan men uchun "Lokomotiv" yarimhimoyachisi Dmitriy Tarasov Rossiyaning haqiqiy vatanparvaridir! Bu uning o‘z prezidenti va vataniga nisbatan munosabatini bildiradi. U hech qanday so‘zlar aytmadi, raqib jamoasini haqorat qilishga urinmadi. Bu arzimagan narsani dunyo ko‘lamidagi mojaroga aylantirib yuborishdi. Siyosat, axloq me'yorlarining buzilishi haqida aytilgan gaplar oshirib yuborilgan. Ha, bizda Turkiya bilan juda murakkab munosabatlar vaqti bo‘lmoqda. Biroq bu doim shunday bo‘lmaydi. Futbol deb siyosatga aralashishni istamayman. Biroq sizga o‘zimning qisqacha fikrimni aytaman – Turkiya Rossiyasiz yashay olmaydi!", deb yozdi Qodirov.

Qodirov, shuningdek, Grozniyning "Terek" jamoasi Tarasovni "Loko"dan sotib olishga tayyorligini va uning o‘rniga 300 ming yevro jarimani to‘lab berishini ma'lum qildi. 

"UYeFA hali biror qaror qabul qilmasdan, qadrdon jamoasi futbolchiga 300 ming yevro jarima yozib berdi. Men "Lokomotiv"ning bu harakatlarini umuman muhokama qilmoqchi emasman. Biroq Dmitriy haqiqiy erkaklarga xos ish qildi! Shuning uchun "Terek" Rossiyaning bunday vatanparvarini o‘z muammolari bilan bir o‘zini qoldirmaslikka qaror qildi. "Terek" futbolchini uning jarimasi bilan sotib olishga tayyor", deb yozdi Qodirov.

Qodirov agar Tarasov jamoasini o‘zgartirishni istamasa ham, uning "Lokomotiv" oldidagi jarimasini to‘lab berishga tayyorligini aytdi. U futbolchini boshini egmaslikka chaqirdi va "Lider-63" jamoasiga taklif qildi. Qodirovning aytishicha, bu jamoada "eng obro‘li va hurmatga sazovor odamlar" Vladimir Putin rasmi tushirilgan futbolkalarda to‘p suradilar.