Asal Shodiyeva “Majnun”da Shohruxxon bilan birga rol o‘ynashi kerakmidi?
Asal Shodiyeva o‘zbek kino san'atida o‘z o‘rniga ega bo‘lishga ulgurgan, yosh va umidli aktrisalardan biri. U obrazlarida doim bir xillikdan qochishga intiladi. Shu bois, muxlislaru mutaxassislar uning faoliyati haqida ijobiy munosabatda. Bu yil unga Jahongir Ahmedovning “Majnun” filmi omad keltiradigan ijodiy ish sifatida taxmin qilinmoqda. Asal Shodiyeva filmda Ulug‘bek Qodirov bilan bosh rolni ijro etgan.
Kun.uz sayti o‘ziga xos shov-shuv va mojarolar markazida bo‘lib turgan mazkur film ijodkorlari bilan batafsil intervyular uyushtirishni niyat qilgan. Ana shu maqsadda aktrisa Asal Shodiyevaga o‘zimizni qiziqtirgan savollar bilan murojaat qildik.
Asal, ma'lumotlarga ko‘ra, Ulug‘bek Qodirovdan avval “Majnun” filmidagi bosh rol ijrochilari orasida xonanda Shohruxxon nomzodi ham bo‘lgan ekan. Bundan xabaringiz bormi? Agar shunday bo‘lganida, buni Shohruxxon Ulug‘bek Qodirovchalik uddalay olgan bo‘larmidi?
-To‘g‘risi, bu savolga rejissyor aniqroq javob bergan bo‘lardi. Mening xabarim yo‘q. Shohruxxon buni uddalay olarmidi-yo‘qmi, aytish qiyin. Chunki har kimning o‘z imkoniyati, iste'dodi darajasi har xil va aytish joiz bo‘lsa, muxlislari ham. Ikkalasining muxlislari uchun ular birinchi o‘rinda turishi aniq. Shohruxxon filmda amalda ishtirok etmadi va shu bois, baholay olmayman. Ammo uning aktryorlik mahoratini Ulug‘bek Qodirovnikidan kam deb, o‘ylamayman. Ulug‘bek Qodirovga kelsak, u bilan ishlash oson. Chunki u o‘z ishini yaxshi biladi. Har bir sahnaga professional yondoshadi. Buni qanday uddalay olganiga, film ekranlarga chiqqach, o‘zingiz amin bo‘lasiz.
Oxirgi paytlarda shou-biznes olamida “Asal Shodiyeva-Shohruxxon” mavzusi ko‘p tilga olinmoqda. Ammo Jahongir Ahmedov ana shu shov-shuvdan foydalanmadi. Nega?
-Agar Jahongir Ahmedovning o‘rnida yoshroq boshqa ijodkor bo‘lganida, balki shunday qilarmidi. Lekin Jahongir aka bu film bilan katta maqsadlarni ko‘zlayapti va bizga ham ana shunday katta talab qo‘ydi. Bosh rolning Ulug‘bek Qodirovga topshirilishi bu rejissyorning piarga uchmagani va o‘z ishiga bo‘lgan professional yondoshuv, deb o‘ylayman.
Mazkur mulohazalarga oydinlik kiritish maqsadida “Majnun” filmi rejissyori Jahongir Ahmedov bilan telefon orqali bog‘landik va javob oldik.
Bilishimizcha, “Majnun” filmiga nomzodlar orasida xonanda Shohruxxon ham bo‘lgan. Biroq, oxir-oqibat Ulug‘bek Qodirov nomzodida to‘xtagansiz. Sababi bizga qiziq, albatta.
-To‘g‘ri, nomzodlar orasida xonanda va aktyor Shohruxxon ham bo‘lgan edi. Shubha yo‘qki, Shohruxxon ulkan iste'dod sohibi. Agar bosh rolni u ijro etganida, butunlay o‘zgacha Majnun bo‘lar edi. Lekin biz Ulug‘bek Qodirov variantini tanlashga qaror qildik.
"Majnun" filmining yangi treyleri.
Opublikovano Kun.uz 13 fevralya 2016 g.