Iqtisodiyot | 08:41 / 27.02.2016
15409
2 daqiqa o‘qiladi

Ish haqi uchun pul mablag‘larini berishni kechiktirgan banklar jiddiy javobgarlikka tortiladi

Jinoyat kodeksiga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalarga ko‘ra, bankning mansabdor shaxsi yoki xizmatchisi tomonidan xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar va boshqa tashkilotlarga ish haqi, nafaqalar, stipendiyalar to‘lash uchun pul mablag‘larini berish asossiz ravishda kechiktirilsa, jinoiy javobgarlikka tortiladi (JKning 1927–moddasi).

"Moddada javobgarlikka mulkchilik shaklidan qat'i nazar faqat banklarning vijdonsiz mansabdor shaxslari va xizmatchilari tortilishi to‘g‘ridan-to‘g‘ri ko‘rsatiladi", deb yozadi Uz24 nashri.

Asossiz ravishda kechiktirish deganda mazkur xo‘jalik yurituvchi sub'yekt olishga huquqi bo‘lgan pul mablag‘lari bank kassasida mavjud bo‘lganda pullarni qonunchilikka binoan belgilangan muddatlarda bermaslikni tushunish lozim hisoblanadi.

Bank iqtisodiy yoki boshqa (misol uchun, pul mablag‘larini inkassa qilish bo‘yicha prognoz ko‘rsatkichlar bajarilmaganligi) sabablarga ko‘ra, mazkur majburiyatni bajarishga qodir bo‘lmagan taqdirda uning mansabdor shaxslari va xizmatchilarining javobgarligi yuz bermaydi, chunki ushbu holatda jinoiy javobgarlik yuz berishining asosiy sharti, ya'ni ayb mavjud emas.

Bunday jinoyat uchun jazoning eng ko‘p miqdori – bir yil ozodlikdan mahrum qilish. Aybdorni faqat u oldin bir marta shunday harakatlar uchun ma'muriy javobgarlikka tortilgan taqdirdagina jinoiy javobgarlikka tortish mumkin.

Bank mijozi bankning nima sababdan ish haqi to‘lash uchun pul mablag‘larini bermayotganligini aniqlay olmasa, Markaziy bank tomonidan tashkil qilingan ishonch telefonlariga (respublika mintaqalaridan: 8800-200-0044, Toshkent shahridan 200-0044,) murojaat qilishi mumkin.