Jahon | 14:35 / 01.03.2016
18281
3 daqiqa o‘qiladi

Alisher Usmonov Rossiya federatsiyasining soliq rezidenti degan maqomdan ajralishi mumkin

Taniqli tadbirkor Alisher Usmonov Rossiyaning soliq rezidenti degan maqomdan ajralishi mumkin. U 2015 yilning katta qismini chet elda o‘tkazgani bunga sabab bo‘ladi. Bu haqida Rossiya federal soliq xizmati manbasiga tayanib, RBK xabar berdi.

Manbaning ma'lum qilishicha, Usmonovning 2015 yil uchun daromadlari to‘g‘risidagi Deklaratsiyasi 1 aprelga qadar topshirilishi kerak. Shundagina hujjat bo‘yicha soliq rezidenti emasligini aytish mumkin bo‘ladi. Rossiyadagi tadbirkorlik faoliyatini ham shunga ko‘ra davom ettiradi.

USM Holdings kompaniyasi vakili, Usmonov aktivlari boshqaruvchisining tasdiqlashicha, o‘tgan yili sezilarli darajadagi ko‘p vaqtni xorijda o‘tkazgan. Bu xalqaro miqyosdagi faoliyati bilan ham bog‘liq. Chunki u hozirda Xalqaro qilichbozlik federatsiyasi prezidenti va Xalqaro olimpiya qo‘mitasining olimpiya telekanalini rivojlantirish komissiyasi a'zosi hisoblanadi.

Nashrning Federal antimonopoliya xizmatidagi manbasi aytishicha, Alisher Usmonov 2015 yilning kam qismini mamlakatda o‘tkazgani uchun Rossiya soliq rezidenti bo‘lmay qolgan. Federal soliq xizmati o‘z saytida aniqlik kiritishicha, jismoniy shaxslar daromadlariga soliq solinishi ularning fuqaroligiga bog‘liq emas: taqvim yilida rezidentlar deb ushbu yil davomida Rossiyada kamida 183 kun bo‘lgan shaxslar hisoblanadi.

So‘nggi bir necha yilda Alisher Usmonov jismoniy shaxs sifatida Rossiyada 350 million dollar soliq to‘lagan. USM kompaniyasi esa o‘tgan 2015 yil uchun 100 mlrd rubl (taxminan 1,6 mlrd dollar) to‘lovni amalga oshirgan.

USM xodimi ehtimoliy soliq norezidentligi USM’ning biznesiga hech qanday ta'sir o‘tkazmasligini aytdi: Usmonov o‘ziga tegishli kompaniyalarning operatsion faoliyati bilan shug‘ullanmay qo‘ygan.

Alisher Usmonov USM Holdings, «Metalloinvest», «Megafon», Mail.ru Group va DST Global, «YuTV Xolding» kompaniyalari egasi sanaladi. Forbes jurnali talqiniga ko‘ra, Alisher Usmonov 14,4 milliard dollarlik mablag‘ga ega.