O‘zbekiston | 17:14 / 01.03.2016
8743
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasida 11 ta loyiha imzolandi

Toshkentdagi O‘zbekiston – Yaponiya inson resurslarini rivojlantirish markazida 1 mart kuni Yaponiya hukumatining kichik hajmdagi ijtimoiy loyihalarga beg‘araz yordam dasturi doirasida grant shartnomalari imzolandi.

Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tadbirda O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari A.Xudoyorov, xalq ta'limi vaziri o‘rinbosari U.Abruyev, Yaponiyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi F.Kato va boshqalar O‘zbekiston bilan Yaponiya o‘rtasidagi munosabatlar ijtimoiy-siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar kabi ko‘plab sohalar qatori moliyaviy-texnikaviy yo‘nalishda ham izchil rivojlanib borayotgani, bunda ikki davlat rahbarlarining uchrashuvlari chog‘ida erishilgan kelishuvlar muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qilayotganini ta'kidladi.

Navbatdagi grant shartnomalari umumiy qiymati 566 ming dollardan ziyod 11 loyihadan iborat. Unga ko‘ra, Toshkent shahridagi imkoniyati cheklangan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan yordamchi maktab, Buxoro shahri, Andijon, Samarqand, Surxondaryo, Qashqadaryo viloyatlaridagi ixtisoslashtirilgan maktab-internatlar va umumta'lim maktablari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xo‘jayli tumanidagi Mehribonlik uyi, Samarqand shahridagi maktabgacha ta'lim muassasasi, Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumani tibbiyot birlashmasi, Toshkent viloyati Parkent tumanidagi «Nomdanak» qishloq vrachlik punkti hamda mazkur viloyatdagi nogironlarni reabilitatsiya qilish markazini o‘quv va tibbiy asbob-uskunalar, mebel jihozlari bilan ta'minlash rejalashtirilgan.