Iqtisodiyot | 20:18 / 10.03.2016
8951
2 daqiqa o‘qiladi

GM Uzbekistan eksport uchun mo‘ljallangan avtomobillariga «ERA-GLONASS» tizimini o‘rnatadi

GM Uzbekistan 2017 yilning oxirigacha Rossiya bozoriga yetkazib beriladigan barcha avtomobillarini «ERA-GLONASS» tizimi navigatsiya chipi bilan jihozlaydi. Bu haqda "O‘zavtosanoat" AK sayti xabar bergan

Xabarda yozilishicha, GM Uzbekistan avtomobillarni «ERA-GLONASS» tizimi bilan jihozlash ishlari 2015 yilda boshlangan va 2017 yilda yakunlanadi. Bu davr ichida jami 53,2 mingdan ortiq avtomobili shu tizim bilan ta'minlanadi. Bu maqsadga kompaniya 620 ming dollar yo‘naltirgan. Shuningdek, 8 mln dollar atrofida investitsiya jalb qilingan.

Ayni vaqtda GM Uzbekistan Asaka va Xorazmdagi zavodlarida 12 xil atvomobil ishlab chiqaradi: besh xil sedan — Nexia, Cobalt, Lacetti, Gentra va Malibu, ikki kichik avtomobil — Matiz va Spark, miniven Orlando, unversal Captiva, mikroavtobus Damas va uning yuk tashishga moslashgan ko‘rinishi Labo. Yiliga umumiy hisobda 250 ming donaga yaqin avtomobil ishlab chiqarilishiga erishilgan. Asakadagi zavoddan Nexia, Cobalt, Matiz va Spark rusumlaridagi avtomobillar eksport qilinadi.

2015 yilda GM Uzbekistan’ning Rossiyadagi sotuv hajmi 46 foizga pasaydi. Ya'ni, 2015 yilda Rossiyada GM Uzbekistan qo‘shma korxonasi tomonidan ishlab chiqarilgan 20 451 dona avtomobil sotildi. Kompaniya tomonidan 2014 yilda jami 245,7 ming dona avtomobil (2013 yildagiga qaraganda 0,1 foizlik o‘sish) ishlab chiqarilgandi. 2015 yilgi ko‘rsatkichlar e'lon qilinmagan, rejaga ko‘ra Asakadagi zavodda 2015 yilda 220 ming dona avtomobil ishlab chiqarilishi ko‘zda tutilgandi.

Bundan oldinroq «O‘zavtosanoat» JAR, Misr, Gabon, Angola, Kot-d’Ivuar, Kabo-Verde, Madagaskar va Ganaga sinov tariqasida avtomobil yetkazib bergani, shuningdek O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan avtomobillar Iroq, Livan, Iordaniya, Tunis, Nigeriya va Liviyaga eksport qilinishi mumkinligi haqida xabarlar berilgandi.