Jahon | 10:00 / 18.03.2016
2865
2 daqiqa o‘qiladi

Yevropaning avtomobillar bilan eng tirband shaharlari nomlari ma'lum qilindi

INRIX kompaniyasi Yevropaning avtomobillar bilan eng tirband shaharlari nomlarini ma'lum qildi. Ketma-ket ikkinchi yil haydovchilar uchun eng muammoli shahar London bo‘lmoqda. 2012 va 2013 yillar bunday shahar deb Bryussel tan olingandi.

Yo‘llarning tirbandligi darajasi muayyan masofani erkin o‘tishga ketadigan vaqtni bu yo‘nalishni tig‘iz soatlarda o‘tishga ketadigan vaqt bilan taqqoslash bo‘yicha hisoblanadi.

2015 yilda londonlik haydovchilar o‘rtacha 101 soat tirbandlikda turganlar, bu 2014 yildagi ko‘rsatkichdan 5,2 soatga ko‘proqni tashkil qilgan. Yevropada bu borada 2-raqamli shahar Germaniyaning Shtutgart shahri bo‘ldi, bu yerda haydovchilarning tirbandlik sababli 73 soat vaqtlari bekor ketgan, bu ko‘rsatkich 2014 yildagidan 8,5 soatga ko‘proqni tashkil qilgan. 3-o‘rinda Belgiyaning Antverpen shahri joylashdi, bu yerda haydovchilar tirbandlikda 71 soat vaqt o‘tkazganlar.

Quyida Yevropaning eng tirband yo‘llarining yuqori o‘ntaligi keltirilgan.

1. London (Buyuk Britaniya) 101 soat
2. Shtutgart (Germaniya) 73 soat
3. Antverpen (Belgiya) 71 soat
4. Kyoln (Germaniya) 71 soat
5. Bryussel (Belgiya) 70 soat
6. Moskva (Rossiya) 57 soat
7. Karlsrue (Germaniya) 54 soat
8. Myunxen (Germaniya) 53 soat
9. Utrext (Niderlandiya) 53 soat
10. Milan (Italiya) 52 soat

INRIX taqqoslash uchun AQShdagi yo‘llarning tirbandligi darajasini ham keltirdi. Bu borada AQShda 1-o‘rinni Los-Anjyeles (81 soat), 2-o‘rinni Vashington (75 soat), 3-o‘rinni San-Frantsisko (75 soat), 4-o‘rinni Xyuston (74 soat), 5-o‘rinni Nyu-York (73 soat) egalladi.

Bundan tashqari, mutaxassislar Yevropaning eng tirband yo‘llarga ega davlatlari nomlarini ham keltirib o‘tishdi. 2014 yilgi natijalar kabi 2015 yilda ham Belgiya, Niderlandiya va Germaniya mos ravishda yo‘llarda yo‘qotilgan o‘rtacha vaqt – 44, 39 va 38 soat bilan yetakchi bo‘ldi.