Jahon | 10:45 / 22.03.2016
3097
3 daqiqa o‘qiladi

Nepal ShHT hamkor-davlati maqomini oldi

Nepal Shanxay Hamkorlik Tashkilotining muloqot bo‘yicha rasmiy hamkor-davlat maqomini oldi.

Tegishli memorandum ShHTning Pekindagi shtab-kvartirasida tashkilot bosh kotibi Rashid Alimov va Nepal bosh vaziri Kxadga Prasad Sharma Oli ishtirokida imzolandi, deb xabar beradi TASS.

“ShHT 2001 yilda uning a'zolari o‘rtasida xavfsizlik va o‘zaro ishonchni mustahkamlash maqsadida tashkil etilgan. Uning tarkibiga jahonning yetakchi va iqtisodiyoti jadal rivojlanayotgan mamlakatlar kiradi. Nepal ShHTning qismi bo‘lish istagini bildirgan edi. Endi Nepal tamoyillarni nazorat qiladi va nufuzli xalqaro tashkilotning qadriyatlariga e'tiborini qaratadi”, - deb ma'lum qildi respublika tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Kamal Txapa.

“Biz muhim voqeaning guvohi bo‘ldik. Muloqot bo‘yicha sheriklik maqomi Nepalga ShHTning keng doiradagi faoliyatida hamkorlik qilish imkonini beradi. Iyun oyida Toshkentda ShHT azo-mamlakatlarining yubiley sammiti bo‘lib o‘tadi. Shu doirada biz Nepal bilan tashkilotimiz rivojiga qo‘shgan muhim hissasiga oid memorandum imzolashni ko‘rib chiqmoqdamiz”, - dedi o‘z navbatida Alimov.

Kambodja, Ozarbayjon, Nepal va Armanistonga nazoratchi maqomini berish to‘g‘risidagi siyosiy qaror 2015 yil Ufada bo‘lib o‘tgan sammitda qabul qilingan edi. Pnompen va Boku o‘z maqomlarini avvalroq huquqiy tasdiqlatib bo‘lishgan. Armaniston bilan memorandum 16 aprelda imzolanishi rejalashtirilgan.

Tashkilot tarkibiga Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Xitoy, Rossiya, Tojikiston va O‘zbekiston kiradi. Kutilayotganidek, iyun oyida Toshkentda Hindiston va Pokistonning a'zolikka qabul qilinishi tasdiqlanadi. Hozirda nazoratchi maqomidagi Eron va Afg‘oniston ham to‘laqonli a'zolik uchun ariza bilan murojaat etishgan.

“ShHT oilasi”ga nazoratchi va hamkorlar bilan birga 18 ta davlat kiradi. Yana qator mamlakatlar umumiy hisobda 3 milliard nafar aholisi bor mamlakatlarni birlashtiruvchi ShHT faoliyatida ishtirok etish istagini bildirishgan.