Jahon | 12:34 / 23.03.2016
2018
2 daqiqa o‘qiladi

OAV: terroristlar Belgiyani atayin tanlashgan

Bryusseldagi portlashlar butun Yevropani larzaga soldi, biroq terroristlarning nishoniga aynan Belgiya tanlangani ajablanarli emas, deb yozadi The Guardian nashri.

Nashrda bildirilishicha, bu kichik mamlakatda radikal faoliyat uchun shart-sharoit yetarli edi. Ular orasida ozchilikni tashkil etuvchi musulmonlarga nisbatan shakllangan salbiy munosabat, ishsizlik darajasining yuqoriligi, erkin qurol savdosi, transport va aloqa tarmoqlarining rivojlanganligi hamda siyosiy beqarorlik alohida o‘rin tutadi. Bularga qo‘shimcha ravishda belgiyalik rahbarlarning yetarli darajada ogoh emasligi ushbu fojyealarning yuz berishiga zamin yaratdi.

The Guardian nashrida yozilishiga ko‘ra, terrorizm muammosining ildizlari Yaqin Sharqda tartibsizliklar boshlangan saksoninchi va to‘qsoninchi yillarga borib taqaladi. Ko‘plab ekspertlar terrorizmning boshlanishini Aljirdagi Fuqarolik urushi bo‘lgan Fransiya va Belgiya bilan ham bog‘lashadi.

O‘tgan o‘n yillikning birinchi yarmida, ya'ni terroristlar London va Madridga zarba bergan paytda Belgiyada ekstrimistga qarshi kurashish chora-tadbirlariga keragicha e'tibor qaratilmagan, terroristlar esa kuch to‘plab borgan.

Suriyadagi urush bu jarayonni tezlashtirib yubordi, deb yozishda davom etadi nashr. Taxminan 500 nafar belgiyalik Yaqin Sharqqa urushda qatnashish uchun yuborildi. Bu Yevropa mamlakatlari o‘rtasida eng katta raqam. Yuborilganlarning aksariyati IShID va boshqa terroristik guruhlar ta'siriga tushib, terroristik hujumlarga tayyorlangan holda Yevropaga qaytdilar.