Maqtanchoq farzandlar o‘z otalarini fosh etmoqda
Qimmatbaho yaxtalar hamda xususiy samolyotlar fonida tushilgan va ijtimoiy tarmoqlarga yuklangan suratlar ko‘pchilikning e'tiborini tortadi. Kimdir istehzo bilan ularning ustidan kulsa, kimdir havas-xasad bilan qaraydi. Biroq to‘qligini ko‘z-ko‘z qiluvchi “badavlat bolalar” o‘zlari bilmagan holda ota-onalarining “yiqqan-tergan”larini ham bildirib qo‘yishi, firibgarlarning diqqatini tortishi yoki moliyaviy tergov-surishtiruv ishlarini boshlashga asos bo‘lib qolishi mumkin. Bu haqda Britaniyaning The Guardian nashri yozdi.
Nashr ma'lumotiga ko‘ra, ijtimoiy tarmoqlardagi dalillar kiberxavfsizlik bilan shug‘ullanuvchi firmalarni jalb etgan holda har to‘rttadan uchta sud ishlarida foydalaniladi.
Hashamdor hayotdan darak beruvchi bunday suratlarni ehtiyotkor va ijtimoiy tarmoqlarga e'tiborsizroq “kattalar” emas, balki ularning farzandlari ommaga namoyish etadi.
Bunday misollarni qatorlashtirib keltirish mumkin. Masalan, Rossiyada yopilib ketgan bank boshqaruvchisi bilan bog‘liq firibgarlik ishi ko‘rilganda, advokat javobgar u yerda doimiy yashamasligi tufayli jinoiy ish Buyuk Britaniyada ko‘rilmasligi kerakligini talab qilgan. Biroq tergovchi Deniel Holl ijtimoiy tarmoqlardan aybdor oilasi bilan Buyuk Britaniyada yashashi va ishlashini isbotlovchi suratlarni to‘plangan va xronologik tartibda sudga taqdim etgan.
Qarzini qaytarish talab qilingan odam “yirik miqdorda puli yo‘q”ligini tushuntirayotgan bir paytda, uning bolasi Bagama orollaridagi narxi 25 million dollarlik oilaviy yaxtasida suratga tushib, qovun tushirib qo‘yadi.
Boylikni maqtanaverish qalloblarning e'tiborini ham tortadi. Bu borada Kroll kompaniyasi ijtimoiy tarmoqlardan faol foydalanuvchi badavlat merosxo‘r qiz bilan bog‘liq surishtiruv olib borgan. Qiz o‘z pochtasidagi maxfiy savolga itining laqabidan foydalangan. Kuchuk esa ijtimoiy tarmoqlarda necha martalab tilga olingan. Xakerlar qizning pochtasini buzib ochib, u dam olishga ketgan paytda firibgarlar uning pochta manzilidan samolyot, villa va shopping uchung 900 ming dollarlik qalbaki hisob xatlarini yuborganlar.
Reper 50 Cent inqirozga uchragani to‘g‘risida e'lon qilganidan keyin to‘plam dollar pullar bilan tushgan surati uchun uni sudga chaqirishgan. Reper bu pullarning qalbaki ekanini bildirgan.