Jamiyat | 15:56 / 08.04.2016
2583
4 daqiqa o‘qiladi

Milliardlab chatlar qulfda: WhatsApp’dagi shifrlash qanday ishlamoqda va uning Telegram’dagidan nimasi kam

5 aprel kuni WhatsApp xavfsizlikning yangi choralari kiritilgani haqida ma'lum qildi: barcha foydalanuvchilarga aloqani to‘liq shifrlash imkonini beruvchi qo‘shimcha xizmatni majburiy kiritishdi. Nazariyada bu WhatsApp’ni dunyodagi eng xavfsiz ommaviy messenjerga aylantiradi. Biroq bunday choralar o‘ziga yarasha cheklovlarga ega. Shu bois boshqa messenjerlar ishlab chiqaruvchilari, masalan Telegram - bunday texnologiyani qo‘llashdan bosh tortgan.

Messenjerlarning xavfsizligi reytingi Electronic Frontier Foundation (EFF) tomonidan tuziladi. Uning saytida doimiy yangilanib turuvchi jadval bo‘lib, bu yerda messenjerlar tekshiruv natijalaridan kelib chiqib, 1 dan 7 ballgacha bo‘lgan mezonda baholanadi.

Misol uchun, Telegram maxfiy chatlari bu jadvalda 7 ballni (eng yuqori baho)qo‘lga kiritgan, boshqa oddiy chatlar esa 7 balldan 4 ballga ega. Shu jadvalga ko‘ra WhatsApp 2014 yilning noyabrigacha 7 balldan 2 ballga ega bo‘lgan: messenjer xabarlarni yuborishda shifrlagan va o‘tgan yillar davomida mustaqil audit xavfsizligidan o‘tgan. Ammo belgilangan shifrlash kiritilgan kuni EFF tashkiloti WhatsApp’ga 7 dan 6 ball berdi. WhatsApp’ning yangi shifrlash dasturi ustida Open Whisper Systems (OWS) shug‘ullangan.
2015 yilning dekabrida Telegram asoschisi Pavel Durov OWS’ning rahbari Moksi Marlinspayk bilan omma oldida bahslashib ketgan: u Telegram tarmog‘i shifrlanmagan xabarlarni saqlaydi degan fikrni bildirgan (aslida esa bunday emas), natijada Durovning jahli chiqib ketadi va bunga javoban bunday fikr tarafdorlarini "to‘langan tuhmat"da ayblaydi.

To‘liq shifrlangan tizim ham o‘ziga xos kamchiliklarga ega. Masalan, Telegram tarmog‘i to‘liq shifrlashdan voz kechganiga sabab sifatida jamiyat ko‘z o‘ngida haddan tashqari himoyalangan tizim sifatida namoyon bo‘lishni istamasligini bildirdi. To‘liq shifrlangan himoya "ma'lum mamlakatlar tomonidan qattiq ta'qib qilinish"ga sabab bo‘lishi mumkin, deyishdi Telegram vakillari.

WhatsApp ilgari ham ba'zi mamlakatlardagi yozishuvlarni ko‘rsatishdan bosh tortgani uchun mojarolarga aralashib qolgan. Endi esa unga davlat organlari bilan umuman hamkorlik qilolmasligini bildirishmoqda.

WhatsApp ham Apple kabi vaziyatdan munosib chiqa oladimi yo‘qmi, buni vaqt ko‘rsatadi.

To‘liq shifrlashning ijobiy tomoni qurilmadagi yozishmalarga ularning egalaridan boshqa hech kim kirolmaydi, chunki ularning boshqa nusxasi yo‘q. Biroq buning salbiy tomoni ham bor: uning kalitini boshqa qurilmaga o‘tkazib bo‘lmaydi. Shifrlash kaliti messenjer yuklangan smartfon bilan uzviy bog‘liq.

Telegram tarmog‘ida esa oddiy chatlardagi xabarlar messenjer xizmatidagi kalit orqali shifrlanadi, shuning uchun foydalanuvchining shifrlovchi kalitini boshqa qurilmalarga ham o‘tkazsa bo‘ladi. Bu Telegram’ni bir vaqtning o‘zida bir necha qurilmalarda ishlatish imkonini beradi.

WhatsApp’da to‘liq shifrlash tizimi sababli bunday imkoniyat yo‘q. Foydalanuvchilar ko‘z o‘ngida bu tarmoq yanada xavfsizligini namoyon etdi. Endi ular davlat organlariga bemalol ko‘rsatadigan hech qanday ma'lumotlari yo‘qligini bildirishlari mumkin. Biroq bunday qaror kompaniyaga zarar ham yetkazishi mumkin: jahondagi murakkab siyosiy vaziyat tufayli messenjerni bir qator davlatlarda taqiqlashlari mumkin.

So‘nngi ma'lumotlarga ko‘ra, Durovning Telegram loyihasi oxirgi yarim yilda shunchaki oddiy yozishmalardan - o‘z botlari, ommaviy kanallari va boshqa funksiyalariga ega mediaplatformaga aylanib bo‘ldi.