O‘zbekiston | 21:46 / 11.04.2016
3455
2 daqiqa o‘qiladi

"O‘zbekiston temir yo‘llari" telejka detallari uchun Bojxona ittifoqining muvofiqlik sertifikatini oldi

"O‘zbekiston temir yo‘llari" AK tarkibiga kiruvchi "Quyuv-mexanika zavodi" korxonasi yuk vagonlari telejkasining (surilib yuruvchi qismi) asosiy detallari – telejkalarning yon ramasi va ressorusti balkasini tayyorlash uchun Bojxona ittifoqining muvofiqlik sertifikatini oldi, deb xabar bermoqda kompaniya matbuot xizmati.

"Vagon telejkalarida asosiy element hisoblanuvchi sertifikatlashtirilgan mahsulot zavod uchun Bojxona ittifoqi bozoriga eshik ochadi. Bugungi kunda Rossiya, Belarus va Qozog‘iston korxonalari va kompaniyalari bilan hamkorlik haqida muzokaralar olib borilmoqda", deyildi kompaniyada.

2013 yil sentabrda kompaniya Quyuv-mexanika zavodidagi ta'mirlash bazasini modernizatsiya qildi. Buning uchun 150 mln dollar sarflangan. Kompaniyaning fikricha, bu MDH va qo‘shni davlatlardan katta buyurtmalar olishga imkon beradi.

Quyuv-mexanika zavodi Markaziy Osiyoda sanoat ko‘lamida quymachilik ishlab chiqarishi bo‘yicha yagona korxona hisoblanadi. Bugunda zavod O‘zbekistondagi quymachilik mahsulotining 75 foizini tayyorlaydi.

Avvallari harakatlanuvchi tarkibning barcha quyma detallari xorijdan sotib olingan va bunga ozmuncha mablag‘ talab etilmagan. Misol uchun, har yili bunday detallarni sotib olish uchun 15 mln dollardan ko‘proq mablag‘ sarflangan.