2015 yilda O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasida o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 253,4 mln dollarni tashkil etdi
Toshkentdagi Xalqaro hamkorlik markazida 12 aprel kuni Iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston – Yaponiya va Yaponiya – O‘zbekiston qo‘mitalarining qo‘shma majlisi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda “O‘zA” xabar bermoqda.
Tadbirda ikki mamlakatning tashqi iqtisodiy aloqalar, savdo, sarmoya, bank-moliya, aviatashuv, energetika, neft-gaz, avtomobilsozlik, transport va transport kommunikatsiyalari, kimyo va yengil sanoat, ta'lim, sog‘liqni saqlash, sayyohlik, qishloq va suv xo‘jaligi, axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalari, geologiya, tog‘-kon metallurgiyasi, elektron mahsulotlar ishlab chiqarish kabi sohalarda faoliyat ko‘rsatayotgan vazirlik va idoralari, firma va kompaniyalari vakillari ishtirok etdi.
O‘zbekiston bilan Yaponiya o‘rtasida o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi muntazam oshmoqda. 2015 yilda bu ko‘rsatkich 253,4 million dollarni tashkil etdi. O‘zbekistonda Yaponiya sarmoyasi ishtirokida tuzilgan o‘ndan ziyod qo‘shma korxona, ushbu mamlakatning 12 kompaniyasi vakolatxonasi faoliyat ko‘rsatmoqda. Ular transport, xizmat ko‘rsatish, sayyohlik, sog‘liqni saqlash, mashinasozlik va metallni qayta ishlash, yengil sanoat, eksport-import operatsiyalarini o‘tkazish, sarmoyaviy loyihalar doirasida asbob-uskunalar yetkazib berish kabi yo‘nalishlarda ish olib boradi.
Yaponiya hukumati mamlakatimizda 1995 yildan buyon ta'lim, sog‘liqni saqlash, qishloq xo‘jaligi va boshqa sohalarni qamrab olgan kichik hajmdagi ijtimoiy loyihalarga beg‘araz yordam dasturini amalga oshirib kelmoqda. O‘tgan davr mobaynida mazkur dastur doirasida umumiy qiymati 23 million 380 ming dollardan ortiq 352 loyiha hayotga tatbiq etildi. Ayni paytda ta'lim va tibbiyot sohasida 11 loyiha amalga oshirilmoqda.
Savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, moliyaviy-texnikaviy sohalarda hamkorlikni yanada rivojlantirish, xususiylashtirish sohasida qo‘shma loyihalar amalga oshirish katta istiqbolga ega ekani ta'kidlandi. Mamlakatimizda faol ish yuritayotgan Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi, “Mitsubishi Corporation”, “Marubeni Corporation”, “Toyota Tsusho Corporation” kabi tashkilot va kompaniyalar hamkorligida olib borilayotgan ishlar haqida so‘z yuritildi. Yangi qo‘shma loyihalar ishlab chiqish va amalga oshirishga kelishib olindi.