Iqtisodiyot | 23:12 / 12.04.2016
2768
1 daqiqa o‘qiladi

XVJ O‘zbekiston YaIM o‘sishi sur'atlari prognozini 2 foizga kamaytirdi

Xalqaro valyuta jamg‘armasi (XVJ) 2016 yilda O‘zbekiston yalpi ichki mahsuloti o‘sishi sur'atlari prognozini 2 foizga, ya'ni 7 foizdan 5 foizgacha kamaytirdi. Bundan yangilangan World Economic Outlook hisobotidagi ma'lumotlar darak beradi. Bu haqda Sputnik nashri xabar bermoqda.

XVJ hisob-kitoblariga ko‘ra, O‘zbekiston YaIMi 2017 yilda 5,5 foizni tashkil qiladi.

XVJ mutaxassislarining fikricha, 2016 yilda inflyatsiya 2015 yildagi 8,4 foizdan 8 foizga pasayadi. 2017 yilda O‘zbekistonda narx-navo o‘sishi darajasi 9,8 foizni tashkil qiladi.

XVJ ma'lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston iqtisodiyoti mamlakatda qabul qilingan sanoat va infratuzilmani modernizatsiya qilish dasturlari evaziga o‘sadi. Biroq zaif tashqi muhit, energiya tashuvchilar va birja mahsulotlariga narxlarning pastligi tufayli yuzaga keluvchi xatarlar prognozning pasaytirilishiga ta'sir qildi.