Jahon | 08:24 / 14.04.2016
2072
2 daqiqa o‘qiladi

OAV: Shimoliy Koreya Kim Ir Sen tavallud kuni munosabati bilan raketa uchirishi mumkin

Shimoliy Koreya mamlakatning shimoli-sharqidagi port shahri va Vonsan harbiy bazasi yaqinida bitta yoki ikkita BM25 "Musudan" mobil raketa majmualarini joylashtirdi. Bu haqda Janubiy Koreya hukumatidagi manbalarga iqtibos keltirgan holda "Ryonxap" axborot agentligi xabar bermoqda.

Manbalarning fikricha, Pxenyan majmua yordamida mamlakatning birinchi prezidenti va Chuchxe g‘oyasining asoschisi Kim Ir Senning 104 yillik tavallud kuni munosabati bilan o‘rta uzoqlikdagi masofaga mo‘ljallangan ballistik raketani uchirishi mumkin.

15 aprelda Shimoliy Koreyada "Quyosh kuni" – "buyuk dohiy", "abadiy prezident" va "millat quyoshi" Kim Ir Senning tavallud kuni sharafiga davlat bayrami nishonlanadi.

Agar raketa haqiqatan uchirilsa, unda bu mamlakat tarixida VM25 turidagi o‘rtacha uzoqlikka mo‘ljallangan raketaning birinchi uchirilishi bo‘ladi. 4 ming km gacha ta'sir radiusiga ega raketa AQSh hududi hisoblangan Guam orollariga yetib borishi mumkin.