Iqtisodiyot | 11:19 / 17.04.2016
4111
2 daqiqa o‘qiladi

Markaziy bank hisoboti: Banklarning umumiy kapitali 8 trln so‘mdan oshdi

Respublika Markaziy bankida bank tizimining 2016 yil I choragidagi faoliyati yakunlariga bag‘ishlangan kengaytirilgan majlis bo‘lib o‘tdi.

Hisobot davrida mamlakat bank tizimining kapitallashuv darajasini oshirish, uning likvidligini yanada mustahkamlash, barqarorligini kuchaytirish borasida keng qamrovli tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilgan.

Natijada bank tizimida erishilgan ko‘rsatkichlar nafaqat xalqaro umumqabul qilingan me'yorlarga mos keladi, balki ayrim yo‘nalishlar bo‘yicha undan ham yuqori ko‘rsatkichlarga erishilgan.

Xususan, bank tizimi kapitalining yetarlilik darajasi 23,2 foizni tashkil etib, u xalqaro bank nazorati bo‘yicha Bazel qo‘mitasi tomonidan 8 foiz qilib belgilangan talabga nisbatan qariyb 3 barobar ziyoddir. 2016 yilning 1 aprel holatiga ko‘ra, banklarning umumiy kapitali 8 trln. so‘mdan oshdi.

Bank aktivlari 2015 yilning 1 aprel holatiga nisbatan 25,4 foiz o‘sib, bugungi kunda 69,7 trln. so‘mga yetdi.

Bank tizimi faoliyatining asosiy indikatorlari, chunonchi, «banklarning umumiy kapitali yetarliligi», «tijorat banklarining likvidligi», «depozitlar hajmining dinamikasi», «kredit qo‘yilmalari hajmining o‘zgarishi» 2016 yilning I choragi yakunlari bo‘yicha yuqori baholarga mos bo‘ldi.

Banklar tomonidan 2016 yil uchun ustuvor vazifa qilib belgilangan sanoatda yuqori texnologiyali va zamonaviy bo‘lgan eng muhim obektlar hamda quvvatlarni ishga tushirish, ishlab chiqarishni texnik va texnologik jihatdan yangilash va modernizatsiyalashga qaratilgan keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Majlisda banklar tomonidan mijozlarga zamonaviy bank xizmatlari ko‘rsatish va aholining banklarga bo‘lgan ishonchini yanada oshirish borasida mavjud ichki imkoniyatlardan to‘liq foydalanmayotgan ayrim tijorat banklari hamda ularning bo‘lim va filiallari faoliyati qattiq tanqid qilindi.