Jahon | 22:27 / 17.04.2016
2082
2 daqiqa o‘qiladi

Parijda 8 yildan keyin Tehron bilan aviaaloqa tiklandi

Fransiyaning Air France aviakompaniyasi 2008 yilda Eronga nisbatan xalqaro sanksiyalar sababli uzilib qolgan Parij va Tehron o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaaloqani tikladi. Parijdan Tehronga birinchi samolyot Ruassi-Sharl de Goll aeroportidan jadval bo‘yicha 12:20 da uchib ketdi, deb xabar berildi aeroportning elektron tablosida.

Samolyotning jo‘natilishidan avvval aeroportning ikkinchi terminalidagi parvozlar zalida tantanali marosim bo‘lib o‘tdi. Samolyotga ko‘tarilishdan avvalgi ramziy qizil tasmani aviakompaniyaning bosh direktori Frederik Gajye va Fransiyaning transport ishlari bo‘yicha davlat kotibi Alen Vidalis kesdilar.

"Air France’ning Tehronga avialiniyasi Eron bilan iqtisodiy va madaniy aloqalarni mustahkamlashga umid hisoblanadi", deb aytdi Vidalis samolyot bortiga ko‘tarilishdan avval. Vidalis fransuz delegatsiyasi tarkibida bir qator yirik fransuz kompaniyalari vakillari bilan birga Tehronda 18 aprelda Eron rahbariyati vakillari bilan bir qator uchrashuvlar o‘tkazadi va Air France’ning Tehrondagi vakolatxonasi ochilishida ishtirok etadi.

Jadvalga ko‘ra, 17 apreldagi AF738 reysi Tehronga mahalliy vaqt bilan 20:20 da yetib kelishi kerak edi. Air France haftasiga Parij-Tehron yo‘nalishi bo‘yicha 3 ta reys amalga oshirmoqchi.