Iqtisodiyot | 12:46 / 19.04.2016
2771
2 daqiqa o‘qiladi

Ravon birinchi chorakda Gentra sedani savdosini 7 foizga oshirdi

GM Uzbekistan avtomobil ishlab chiqaruvchi kompaniyasining Ravon brendi, o‘tgan yilgi rekordini yangilab, 2016 yil birinchi choragida Gentra sedani savdosini 7 foizga ko‘tarishga erishgan. Ayni model savdo belgisining eng yaxshi sotilayotgan mashinasi bo‘lib turibdi.

Yanvar-mart oylarida Rossiya Federatsiyasining turli mintaqalarida 3,3 mingdan ortiq Gentra sotilgan. Bu UzDaewooAuto vorisi uchun yaxshi natijadir.

Rasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, savdolarda o‘sishni qayd etish bilan Ravon Gentra 2016 yil birinchi choragida Rossiyada eng ko‘p sotilgan avtomobillar 25taligiga kirishga muvaffaq bo‘lgan. Atigi 439 ming rubl (6550 AQSh dollari) evaziga, 107 ot kuchiga ega 1,5-litrli dvigatel o‘rnatilgan, hamda xaridor xohishiga ko‘ra mexanik yoki avtomatik uzatmalar qutisiga ega mashinani xarid qilish mumkin.

Ammo Gentra muvaffaqiyatidan tashqari, Ravon avtomobilining boshqa modellari Rossiyada unchalik ham ommabop emas. Statistik ma'lumotlarga ko‘ra, yil boshidan beri brend savdolari 16 foizga tushib ketgan. Birinchi chorakda jami 4,5 ming dona avtomobil sotilgan. Oy boshlarida kompaniya Chevrolet Spark negizida ishlab chiqilgan R2 (avtomatik uzatmalar qutisi bilan) mashinalarining ilk partiyasini sotib bo‘lgani haqida xabar qilingan edi.