Sport | 12:50 / 19.04.2016
2169
2 daqiqa o‘qiladi

Sardor Rashidov o‘z jamoasi bilan Qatar vitse-chempioni bo‘ldi

Futbol bo‘yicha Qatar Yulduzlar Ligasida 2015—2016 yilgi mavsum yakunlandi. Mavsum yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston terma jamoasi futbolchisi Sardor Rashidov to‘p surayotgan «Al-Jaish» klubi kumush medal sohibiga aylangan. Bu haqda Championat.asia xabar berdi.

«Al-Jaish» so‘nggi turda «As-Sadd» mehmoni bo‘lib, 2:2 hisobida durang o‘ynadi. Mavsum yakuniga ko‘ra «Al-Jaish» 48, «As-Sadd» esa 47 ochko jamg‘ardi.

«Ar-Rayyan» jamoasi muddatidan oldin Qatar chempionligini qo‘lga kiritgandi. Bu jamoa 62 ochko to‘plashga erishdi.

Kumush medal masalasi hal etilgan so‘nggi turda Sardor Rashidov maydonga tushmagan. Ikkinchi o‘rin uchun kechgan muhim bahsda «As-Sadd»ning ispaniyalik legioneri Xavi 90 daqiqa davomida maydonda harakatlangan.

Ma'lumot uchun, Sardor Rashidov «Al-Jaish» safida joriy mavsum 23ta o‘yinda ishtirok etib, 9ta gol urishga erishdi. U 2015 yilning yozida «Bunyodkor»dan «Al-Jaish» safiga 2 100 000 AQSh dollari evaziga o‘tib, 3 yillik shartnomaga imzo chekkandi.

Qatar Yulduzlar Ligasida to‘p suradigan yana bir o‘zbekistonlik futbolchi Sanjar Tursunov o‘z jamoasi «Umm Salal» bilan 5-o‘rinni qo‘lga kiritdi. Tursunov jamoasi bilan 11ta o‘yinda ishtirok etgan.