Jamiyat | 11:23 / 19.04.2016
3202
2 daqiqa o‘qiladi

Shekspir o‘z vataniga nisbatan xorijda mashhurroq ekani ma'lum bo‘ldi

Uilyam Shekspirni o‘z vatanidan ko‘ra, xorijda ko‘proq yaxshi ko‘rishadi. 15 mamlakatdan 18 ming odam o‘rtasida so‘rovnoma o‘tkazilishi natijasida ushbu xulosaga kelindi.

So‘rovnomani Britaniya Kengashi buyurtmasi asosida YouGov jamiyatshunoslik xizmati amalga oshirdi. Buyuk ingliz shoiri va dramaturgi vafotiga 400 to‘lishi arafasida o‘tkazilgan so‘rovnoma bugun 19 aprel kuni chop etildi.

So‘rovnomada ishtirok etgan xorijliklarning 65 foizi Shekspir asarlarini yaxshi ko‘rishi, tushunishi hamda asarlar hozirgi zamonda ham muhim ahamiyat kasb etishini bildirgan bo‘lsa, allomaning vatani Buyuk Britaniyada esa so‘rovnomada qatnashganlarning 59 foizigina shunday fikr bildirgan.

Boshqa inglizzabon mamlakatlar, jumladan Avstraliya va AQShda bu ko‘rsatkich Birlashgan Qirollikdan anchagina past. Shekspir, ayniqsa, Xitoy, Turkiya va Meksikada mashhur ekani aniqlangan.

“Vafot etganiga to‘rt asr o‘tgan bo‘lsa-da, Shekspir asarlari insoniyat ta'limoti va dunyo bo‘ylab teatr tomoshalari tashkil etishda hamon muhim rol o‘ynamoqda”, - dedi Britaniya Kengashining YeI mamlakatlaridagi hududiy direktori Rozmari Hilxorst.

38ta pesa va 154ta sonetdan iborat Shekspirning adabiy merosi dunyoning 80dan ortiq tillariga tarjima qilingan.

Shekspirning o‘lim sanasi aniq emas. Taxminlarga ko‘ra, u Londonda uzoq vaqt yashagach, o‘zi tug‘ilib o‘sgan Stratfordga qaytgan va 52 yoshiga to‘lgan kunida vafot etgan. Chunki uni dafn etish marosimi 25 aprel kuni bo‘lib o‘tgani haqida ma'lumotlar bor.

O‘sha davrda vafot etgan odamlarni yerga ikki kundan so‘ng ko‘mishgani inobatga olinsa, dramaturg 23 aprel kuni vafot etgan deyish mumkin.