Jamiyat | 06:20 / 19.04.2016
3903
2 daqiqa o‘qiladi

Xitoyda to‘rt oyoq va to‘rt qo‘l bilan tug‘ilgan bola muvaffaqiyatli operatsiya qilindi

Xitoyning Guandjoudagi tibbiyot markazlaridan birida noyob jarrohlik operatsiyasi o‘tkazildi: shifokorlar to‘rt oyoq va to‘rt qo‘l bilan tug‘ilgan "o‘rgimchak" bolaning ortiqcha oyoq-qo‘llarini kesib tashlashdi. Bu haqda OAV xabar bermoqda.

Shifokorlar bolada bunday noodatiy nuqsonning vujudga kelishiga homiladorlik vaqtida egiz homila rivojlanmay qolgani sabab bo‘lganini aytishdi. Markazning bosh jarrohi Yu Jiakangning aytishicha, bolaning ota-onasi egizak farzandlar kutgan, biroq faqatgina bir bola tug‘ilgan. Tug‘ilmagan bolaning oyoq-qo‘llari tom ma'noda sog‘lom egiziga tutashib ketgan.

Bolaning otasining aytishicha, rafiqasining homiladorlik vaqtida hech qanday g‘ayriodatiy holat kuzatilmagan. Erkak homilador rafiqasiga kam vaqt ajratganini aytib, bu ko‘rgulikda o‘zini ayblamoqda.

Shifokorlar muvaffaqiyatli operatsiyadan keyin bolaning ahvolini barqaror deb baholashdi. Biroq bolada ayni vaqtda yuragi bilan muammolar vujudga kelgan. Shuning uchun u kelgusida yana bir nechta operatsiyani boshidan o‘tkazishi ehtimoli bor, deya ta'kidlanmoqda.