Jahon | 11:05 / 21.04.2016
1822
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh Iroq jangarilariga ilk bor V-52 samolyoti orqali zarba berdi

Amerikaning V-52 strategik bombardimonchisi Iroqda birinchi marta IShID terroristik guruhi jangarilari pozitsiyalari bo‘ylab zarba berdi. Bu haqda Iroq va Suriyada aksilterroristik amaliyotlarda ishtirok etuvchi AQSh harbiy guruhi rasmiy vakili polkovnik Stiv Uorren xabar berdi.

“Dushanba (18 aprel) kuni ushbu afsonaviy samolyot Iroq shimolidagi Kayar tumanida terrorchilarning qurol-yarog‘ omborini yo‘q qilish maqsadida birinchi jangovar parvozini amalga oshirdi”, - deydi u.

Uorrenning so‘zlariga ko‘ra, V-52 “harbiy harakatlar teatrida biz 20 oydan buyon kuzatganimizdek aniq zarbalar beradi”.

V-52 Luiziana shtati AQSh harbiy havo kuchlari bazasidan Qatar poytaxti Dohadagi El-Udeyd aviabazasiga 9 aprel kuni yo‘naltirilgan. Bu AQSh qurolli kuchlari Markaziy qo‘mondonligi tomonidan 26 yil davomida birinchi marta bu kabi texnikalarning mas'ul taraf hududiga olib o‘tilishi. Ungacha IShIDga qarshi asosan F/A-18 Super Hornet qiruvchi-shturmoviklari harakatlangan.