Jahon | 12:19 / 21.04.2016
2044
2 daqiqa o‘qiladi

CNN: Ar-Riyodda Obamani atayin sovuq qarshi olishdi

Amerikaning CNN telekompaniyasining ta'kidlashicha, AQSh prezidenti Barak Obamaga 20 aprel kuni Ar-Riyodda atayin "sovuq" (agar haqoratomuz bo‘lmasa) qarshi olishdi. Ta'kidlanishicha, bu "qachonlardir ishonchli ittifoqdosh bo‘lgan mamlakatlar munosabatlarining sovishi davom etayotganligidan dalolatdir".

Nashr qirollik hukumatining rasmiy tashrif protokolidan chekinishida va boshqa bir qator vaziyatlarda do‘stona bo‘lmagan munosabatlar belgilarini qayd etgan.

Masalan, samolyot qo‘nganidan so‘ng aeroportga Obamani kutib olish uchun hukmron qirollik oilasi vakillari emas, Ar-Riyod gubernatori jo‘natildi. Bu galgi qabul prezident Jorj Bush davrida bo‘lgani kabi Saudiya Arabistoni podshohining quchoq ochib kutib olishi o‘rniga qo‘l siqib qo‘yish bilangina cheklanildi.

Obama va podshoh Salmon ibn Abdul Aziz al Saudning uchrashuvi Saudiya televideniyesi orqali ko‘rsatilmadi. Buning o‘rniga podshohning bugun Ar-Riyodda bo‘lib o‘tadigan Fors ko‘rfazidagi arab mamlakatlari hamkorligi kengashi sammitining ishtirokchilarini iliq qabul qilayotgani namoyish etildi.

Ar-Riyod Obamaning AQShdagi kongressda Amerika sudlarida 2001 yil 11 sentabrdagi teraktlarga aloqadorlik bo‘yicha Saudiya hukumatiga qarshi ishni ko‘rish imkonini beruvchi qonun loyihasiga rozilik bermasligiga erishmoqchi. CNN'ning ma'lum qilishicha, qirollikning TIV rahbari Odil al-Jubayr o‘tgan oyda Vashingtonga tashrifi chog‘ida bu haqida ogohlantirish bergan.