Jahon | 13:51 / 21.04.2016
2217
2 daqiqa o‘qiladi

Ukraina davlat idoralarida mamlakat prezidenti surati taqiqlanishi mumkin

Ukraina rahbari Petr Poroshenkodan, davlat idoralarida prezident suratini osib qo‘yishni qonun vositasida ta'qiqlashni iltimos qilishmoqda. Shu mazmundagi so‘rovnoma ukrain yetakchisi rasmiy saytiga joylashtirilgan.

So‘rovnomaga qoldirilgan izohda yozilishicha, "Ukraina prezidenti rasmini idoralar, auditoriyalar, sinfxonalar va boshqa davlat inshootlarida osib qo‘ymaslik maqsadga muvofiqdir. Chunki, ukrainlar, ikki yildan ortiqroq vaqtdan beri "turmush darajasi bugunoq yaxshilangani"ga guvoh bo‘lishdi, «prezidentning qadrli do‘stlari»ni ko‘rishdi va «yangicha yashash» qanday bo‘lishini boshidan kechirib kelmoqda".

"Prezident esa, aslida, balandparvoz shiorlar bilan emas, amaliy harakatlari bilan Ukraina xalqining muhabbati va hurmatiga sazovor inson bo‘lishi lozim. Balki, xizmat idoralariga diniy suratlar qo‘yilsa, kamroq xalq mulkini o‘g‘irlasharmidi?", — deyiladi so‘rovnomada.

Ayni vaqtda, petitsiyaga 7 kishi imzo chekkan, uni 25 ming kishi ma'qullasa, prezident muhokamasiga kiritiladi.

Ta'kidlash lozimki, Ukraina davlat rahbari saytida shunga o‘xshash so‘rovlar ko‘plab joylashtiriladi. Xususan, Poroshenkodan ruscha ism-shariflarni ukrainachalashtirish ham iltimos qilingan edi.