Jahon | 19:46 / 25.04.2016
2310
3 daqiqa o‘qiladi

Obama Rossiyaga "haqiqiy ulug‘vorlik"ni taklif etdi

AQSh prezidenti Barak Obama Hannoverda Germaniya, Buyuk Britaniya, Fransiya va Italiya yetakchilari bilan uchrashuvidan avval, Rossiyaga nisbatan sanksiyalar Minsk kelishuvlari ijro etilgunga qadar amalda bo‘lishi, rasmiy Moskva esa jahon hamjamiyati bilan hamkorlik qilishi zarur, degan fikrlarni bildirib o‘tdi.

«Rossiya haqiqiy buyuklik qo‘shnilarni qo‘rqitishda emas, balki dunyo davlatlari bilan hamkorlik qilishda ekanini anglab yetishiga ishonaman», — deb AQSh rahbari so‘zlaridan iqtibos keltiradi Euronews telekanali.

Rossiya bilan yaxshi aloqalarni olib borishga intilayotganini qayd etgan Obama, Minsk kelishuvlaridagi bandlar bajarilmaguncha Rossiyaga nisbatan jazo choralari o‘z kuchida qolishi kerakligini ta'kidlagan.

Obamaning so‘zlariga ko‘ra, Ukrainadagi «rus agressiyasi» NATOning sharqiy Yevropadagi ittifoqchilari asabiga tegmoqda va «sovuq urush davridan keyin erishilgan taraqqiyot»ni xavf ostiga qo‘ymoqda. Obamaning ta'kidlashicha, harbiy alyans bundan keyin ham Boltiqbo‘yi davlatlari, Polsha va Ruminiyani qo‘llab-quvvatlaydi.

O‘tgan haftada Kreml ma'muriyati «NATO bilan o‘zaro ishonchsizlik hukm surayotgani» haqida bayonot berib, rasmiy Moskva alyansning nodo‘stona hatti-harakatlarini, xususan Rossiya chegaralari yaqinida harbiy salohiyatini tobora kuchaytirayotganini qayd etgan edi.

Hannoverda chiqish qilgan AQSh prezidenti Yevropa xavfsizligiga ham to‘xtalib, ba'zan «Yevropa o‘z xavfsizligi borasida yetarli darajada qayg‘urmasligini» iddao etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, NATOning barcha mamlakatlari mudofaa sohasiga YaIMning 2foizini sarf etishga harakat qilishlari kerak.

Amerika yetakchisining aytishicha, YeI global kollektiv xavfsizlikni ta'minlash majburiyatining bir ulushini zimmasiga olishi lozim. Obama, shunga binoan NATOning iyul oyida bo‘lajak sammitida, xavfsizlik bo‘yicha majburiyatni al'yansning barcha a'zolari teng bajarishi shart, degan taklifni ilgari surishini bildirdi.