Jahon | 17:42 / 26.04.2016
1989
2 daqiqa o‘qiladi

Mitsubishi Motors 25 yil davomida ayrim modellarining yoqilg‘i sarfiga oid raqamlarni o‘zgartirib kelganini tan oldi

Yaponiyaning yirik avtomobilsozlik korporatsiyalaridan biri Mitsubishi Motors rahbariyati tan olishicha, 1991 yildan beri ba'zi modellarning yonilg‘i sarfiga oid xulosalar qalbakilashtirilgan. Kompaniya vakillari 26 aprel kuni Tokioda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida shunday mazmunda bayonot berishgan.

Shu yilning 20 aprelida Mitsubishi Motors bilan bog‘liq "yoqilg‘i mojarosi" avj oldi. O‘sha kuni kompaniya rahbariyati mashinalarning sinovi belgilangan me'yorlarga rioya etilmagan holda amalga oshirilganini tan olgan. Buning natijasida qayd etilgan soxta raqamlar avtomobillarning yoqilg‘i sarfiga oid texnik tavsifnomasiga kiritilgan. Dastlabki ma'lumotlarga ko‘ra, ko‘rsatkich 5-10 foizga pasaytirilgan bo‘lishi mumkin.

Ushbu qalbakilashtirish kompaniya tomonidan ishlab chiqiladigan kamida 10 ta model, jumladan, Pajero va eK kichik litrajli mashinalar seriyasiga oidligi aniqlangan. Ammo, hozircha, mashinalar rusumiga oid aniq ro‘yxat e'lon qilinmagan. Qayd etilishicha, kamida 2 million dona avtomobil texnik texnik hujjatlardagi xato bilan sotilgan.

Ayni vaqtda, kompaniyaga nisbatan jazo chorasi qo‘llash, xususan, yirik jarimaga tortish masalasi ko‘rib chiqilmoqda. OAV ma'lumotlariga ko‘ra, korporatsiyaning o‘zi ham bu borada tashabbus bilan chiqishi ehtimol. U qora ro‘yxatdan o‘rin oluvchi barcha modellari egalariga ortiqcha yoqilg‘i sarfi uchun tovon to‘lashni taklif etishi mumkin.

Mitsubishi Motors firibgarliklari oshkor bo‘lgach, kompaniya aksiyalari narxi 40 foizga arzonlashgan va u bilan hamkorlik qiluvchi kompaniyalar qimmatli qog‘ozlariga ham salbiy ta'sir etgandi.