Jamiyat | 15:45 / 27.04.2016
20986
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda pasport tizimi qoidalarini buzganlik uchun jarimalar miqdori oshirildi

2016 yil 25 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 223-moddasiga o‘zgartirish va tuzatishlarni kiritish to‘g‘risidagi qonunni imzoladi. Bu haqda «Gazeta.uz» xabar bergan.

Endi pasportsiz yoki muddati o‘tgan pasport bilan, vaqtincha yoki doimiy propiskasiz yoxud yashash joyi bo‘yicha hisobdan o‘tmagan fuqarolar, pasportni qasddan yaroqsiz holatga keltirgan, unga e'tiborsizlik bilan muomalada bo‘lgan fuqarolar eng kam oylik ish haqining uch baravari (390 ming so‘mdan ko‘p) miqdorida ma'muriy jarimaga tortiladi (bundan avval — eng kam ish haqining bir baravaridan uch baravarigacha).

Ushbu qonunbuzarlik ma'muriy chora qo‘llanilganidan so‘ng bir yil ichida qayta takrorlansa, eng kam ish haqining besh baravari (650 ming so‘mdan ko‘p) miqdorida jarima solinishiga asos bo‘ladi.

Fuqarolar, "yo‘qolgan" pasportlaridan hamda boshqa fuqarolarga tegishli pasportlardan g‘arazli niyatlarda foydalansa — eng kam oylik ish haqining o‘n baravari (1 mln 300 ming so‘mdan ortiq) miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

Pasportsiz yoki muddati o‘tgan pasport egalarini, shuningdek vaqtincha yoki doimiy propiskasiz yoxud yashash joyida hisobdan o‘tmagan fuqarolarni ishga qabul qilish mansabdor shaxslarga eng kam oylik ish haqining o‘n baravaridan o‘n besh baravarigacha miqdorda jarima solishga asos bo‘ladi.

Xuddi shunday huquqbuzarlik ma'muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilsa, mansabdor shaxslarga eng kam oylik ish haqining yigirma baravari miqdorida jarima solinadi.

Fuqarolarning pasportlarini qonunga xilof ravishda olib qo‘ygan yoki garovga olgan mansabdor shaxslarga eng kam oylik ish haqining o‘n baravaridan o‘n besh baravarigacha miqdorda jarima solinadi.