Jamiyat | 08:40 / 28.04.2016
11263
2 daqiqa o‘qiladi

Sevara Nazarxon qizli bo‘ldi

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, xonanda Sevara Nazarxon ikkinchi farzandini dunyoga keltirdi. Bu haqda uning Facebook’dagi sahifasiga joylashtirgan fotosuratlarda ma'lum qilindi.

Avvaliga Sevara Nazarxon hech bir izohsiz, qora libosdagi suratini Facebook’da e'lon qilgan bo‘lib, unda xonandaning homilador ekanini bilish mumkin.

Shundan 1 soat o‘tganidan keyin esa sahifada yana bir surat joylashtirilgan.

Bu suratda chaqaloqning oyoq izlari tushirilgan. Surat ostida fikrlar bildirgan muxlislar xonandani yana bir bor ona bo‘lganlik bilan tabriklay boshlashgan va chaqaloqqa sog‘liq hamda uzoq umr tilab, o‘nlab fikrlar qoldirilgan.

Ko‘p o‘tmasdan chaqaloqqa qo‘yilgan ism ham ma'lum bo‘ldi. Shuningdek, tug‘ruq paytida xonanda Papua — Yangi Gvineyada bo‘lganini bilish mumkin.

"Bu qiz bola, ismi Iman Anvar!" (It's a girl - Iman Anwar!), deb yoziladi sahifada.

Sevara Nazarxon 2007 yilda Bahrom Pirimqulov bilan turmush qurgan. U o‘zining umr yo‘ldoshi kim va qanday kasbdaligi haqidagi savollarga aniq javob qaytarmaydi. U bir safar turmush o‘rtog‘ini oshpaz sifatida, boshqa safar haydovchi yoki dizayner deya tanishtiradi.

Ushbu juftlik ayni vaqtda O‘zbekistonda yashaydi. Ularning Dengiz ismli bir farzandi bor.