Jahon | 10:41 / 29.04.2016
2255
2 daqiqa o‘qiladi

BMT: Donbassdagi qurolli to‘qnashuvlar boshlanganidan beri 9,3 ming kishi halok bo‘lgan

Ukraina sharqida ixtiloflar boshlanganidan beri halok bo‘lganlar soni 9,3 ming kishiga yetgan, 21 mingdan ortiq kishi jarohat olgan. Bu haqda BMT bosh kotibi yordamchisi Tayye-Bruk Zerihun ma'lum qilgan.

«2014 yilning aprel oyi o‘rtalaridan 2016 yilning 27 apreliga qadar Ukraina sharqidagi mojaro hududida fuqarolar, Ukraina qurolli kuchlari va qurolli tuzilmalar a'zolaridan jami 30 700 kishi jabrlangan. Shundan 9300 kishi halok bo‘lgan, 21400 kishi jarohatlangan», — deydi u .

BMT ma'lumotlariga ko‘ra, hozirda Ukraina sharqidagi ixtilof hududida gumanitar yordamga muhtoj 3 millionga yaqin kishi istiqomat qilmoqda: 2,7 million kishi qurolli tuzilmalar nazorati ostidagi, 200 ming kishi esa Ukraina hukumati nazoratidagi hududlarga tutash manzillarda.

Tayye-Bruk Zerihun ma'lum qilishicha, 2015 yildan buyon Donetsk va Lugansk aholisi Kiyev hukumatining ijtimoiy ta'minotidan mahrum bo‘lgan. Shuningdek, BMT va boshqa xalqaro tashkilotlarning bu hududdagi faoliyatiga yo‘l qo‘yilmayapti.