O‘zbekiston | 17:13 / 30.04.2016
15102
3 daqiqa o‘qiladi

KOICA "Toshkent-4" yangi aeroport loyihasini hukumatga taqdim etdi

2016 yilning 29 aprelida davlat dasturlarini amalga oshirishda beminnat yordam beruvchi Koreya xalqaro hamkorlik agentligi    (KOICA) va  "O‘zbekiston havo yo‘llari" MAK Toshkent shahri aeroportida yangi xalqaro yo‘lovchi terminali qurilishi uchun texnik-iqtisodiy asosni ishlab chiqish loyihasi doirasida oraliq seminar o‘tkazishdi.

50 nafar kishi texnik-iqtisodiy tadqiqotlar natijasini o‘rganish va kelajakdagi faoliyat yo‘nalishlarini muhokama qilish uchun seminarda ishtirok etishdi. Ularning orasida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazir o‘rinbosari Zokirov B.I., Koreya Respublikasining O‘zbekistondagi elchisi Li Uk Xyon, KOICA korxonasining O‘zbekistondagi rahbari Im Jong Xi, "O‘zbekiston havo yo‘llari" MAK bosh direktori Valeriy Tyan kabilar bor. 

Mazkur loyiha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I.A.Karimov va Koreya Respublikasi Prezidenti Pak Kin Xe 2015 yilning may oyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Koreya Respublikasiga tashrifi chog‘ida imzolagan beminnat yordam loyihalari qatoriga kiradi. Ikki mamalakat mansabdor shaxslarining e'tiborini tortgan loyihaning amalga oshirilish ishlari 2016 yilning yanvarida boshlanib, shu yilning iyulida yakunlanishi kutilmoqda. Seminarning maqsadi - O‘zbekiston hukumatiga texnik-iqtisodiy tadqiqotlar natijalarini loyiha tugaguniga qadar namoyish etishdan iborat bo‘lgan. 

O‘zbekiston Respublikasi bosh vazir o‘rinbosari Zokirov B.I. o‘z nutqida Koreya Respublikasi hukumatiga mazkur loyihani amalga oshirishdagi yordami uchun minnatdorchiligini izhor qildi. U O‘zbekiston hukumatining loyihani tezkorlik bilan amalga oshirilishi uchun kerakli choralar ko‘rishini bildirdi. 

Taklifga ko‘ra, Toshkent shahri aeroporti yangi terminalining qurilishi (Toshkent-4) 4 yil davomida amalga oshiriladi. Yangi terminal maydoni hozirgisidan (Toshkent-2) ikki barobar, binoning yo‘lovchilarga xizmat qilishga mo‘ljallangan hududi esa uch barobar katta bo‘ladi. 

Koreya Respublikasi elchisi Li Uk Xyon tabrik nutqida loyihaning ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlik munosabatlarida yangi bosqich bo‘lishini hamda Koreya Respublikasi hukumati qurilish va aeroport ekspluatatsiyasida koreys nou-xausi va tajribasini qo‘llab,  Toshkent aeroportining Markaziy Osiyodagi bog‘lovchi aeroport bo‘lishi uchun bor kuchini safarbar etishini ta'kidladi.