Jahon | 19:54 / 02.05.2016
13039
2 daqiqa o‘qiladi

RF senatori: Rossiya Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan viza rejimi o‘rnatishi zarur

Rossiya xavfsizlik kengashi raisi birinchi o‘rinbosari Frants Klintsevich bu mamlakatlardan chiqqan kishilarning RF hududida amalga oshirgan qator jinoiy ishlarini inobatga olib, Rossiya Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan viza rejimini o‘rnatishi zarurligini bildirdi. Bu haqida Sputnik xabar berdi.

Senator Rossiya fuqaroligiga qabul qilish talablari qat'iylashtirilishi kerakligini ta'kidladi.

"Hamma narsaning chegarasi bor. Syzran shahri politsiya sobiq boshlig‘i va uning oilasining Markaziy Osiyodan chiqqan kishilar tomonidan vahshiylarcha o‘ldirilishi - bu haddan oshishlik. Shuningdek, o‘zbekistonlik aqli noraso enaga ayol tomonidan moskvalik qizning o‘ldirilishi barchaning yodida", - dedi Klintsevich jurnalistlarga. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya o‘zi uchun nima muhimroq ekanligini aniqlab olishi kerak: qo‘shni mamlakatlar bilan do‘stona munosabatlarmi yoki mamlakat fuqarolarining xavfsizligi.

"Hozircha bu ikkisini teng olib borishning iloji yo‘q ekan, men viza rejimi kiritilishini qo‘llab-quvvatlayman va uning amalda qaror topishi uchun har qanaqasiga harakat qilaman", - dedi parlamentariy.

U gap Qozog‘iston va Qirg‘iziston haqida ketmayotganligini alohida ta'kidladi, bu davlatlar bilan Rossiyaning o‘zaro iqtisodiy munosabatlari bor.

24 aprel kuni ertalab Syzrandagi Ivashevka qishlog‘idagi bir uyda olti kishining jasadi topildi. Ulardan biri -  Syzran politsiyasining sobiq boshlig‘i Andrey Gosht, qolganlar - uning oila a'zolari. O‘limiga qadar Gosht Samara viloyati IIVDB shtabi rahbar o‘rinbosari lavozimini egallab kelgan. Tergov davomida gumon qilinayotgan uch nafar shaxs qo‘lga olindi, ular Markaziy Osiyo respublikalaridan birining fuqarolari bo‘lib chiqdi.