Jahon | 12:19 / 03.05.2016
5833
3 daqiqa o‘qiladi

BMT bosh kotibi mustaqil OAVni ta'qiblardan himoya qilishga chaqirdi

BMT bosh kotibi Pan Gi Mun tashkilotga a'zo davlatlar hukumatlariga murojaat qilib, ularni mustaqil ommaviy axborot vositalarini turli ko‘rinishdagi ta'qiblardan himoya qilishga hamda ularning faoliyati uchun "erkin, mustaqil va xavfsiz sharoitlarni" yaratishga undadi. Pan Gi Mun Butunjahon matbuot erkinligi kuni munosabati bilan qilgan yozma murojaatida insonlarning yangiliklarga bo‘lgan xuquqlarini ta'minlashda kerak bo‘lsa o‘z jonlarini ayamaydigan jurnalistlarning qadriga yetish lozimligini ta'kidlagan

U ayrim davlatlarda OAV xodimlari duch kelayotgan cheklovlardan tashvishda ekanini bildirgan.

"Ularning ko‘pchiligi moliyaviy qonunbuzarliklar, davlat boshqaruvidagi kamchiliklar hamda ijtimoiy muammolarni yoritgani uchungina qamoqda saqlanmoqda", - deb bayonot bergan BMT bosh kotibi.

"Butunjahon matbuot erkinligi kunida, men barcha hukumatlar, siyosatchilar, kompaniya va fuqarolarni mustaqil, erkin OAVni muhofaza qilish ishiga o‘zlarini bag‘ishlashga va ular haqida qayg‘urishga chaqiraman", - degan Pan Gi Mun. 

Shu bilan birga, bosh kotib jurnalistlardan 2015 yil sentabrida qabul qilingan, jahon hamjamiyati oldida turgan dolzarb masalalar, xususan ocharchilik va qashshoqlikka qarshi kurashni o‘z ichiga oluvchi BMT Taraqqiyot dasturini keng targ‘ib qilishda yordam berishlarini so‘ragan. 

BMT Bosh Assambleyasi 1993 yilda Butunjahon matbuot erkinligi kunini e'lon qilgan va u har yili 3 may kuni nishonlanadi. Ushbu tashabbusni 1991 yilda mustaqil matbuotni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan Vindxuk deklaratsiyasini qabul qilgan Afrika jurnalistlari ilgari surishgan edi.  

Shveytsariyaning Press Emblem Campaign nohukumat tashkilotining ma'lumotlariga ko‘ra, 2015 yilda dunyoning turli nuqtalarida 135 nafar jurnalist o‘ldirilgan. Shu yilning boshidan beri OAVning 40 xodimi zo‘ravonlik qurboni bo‘lishdi. Jurnalistlar uchun eng xavotirli hududlar sifatida Iroq, Yaman, Liviya, Suriya va Somali davlatlari e'tirof etilgan.

Mavzuga oid