Jamiyat | 18:55 / 03.05.2016
13491
4 daqiqa o‘qiladi

Kun.uz sayti xodimi «Oltin qalam» Milliy mukofoti sohibi bo‘ldi

O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi (JIU) 3 may — Jahon matbuoti erkinligi kuniga bag‘ishlab, Jurnalistlarni qayta tayyorlash markazi bilan hamkorlikda «Oltin qalam» XI Milliy mukofoti uchun xalqaro tanlov o‘tkazdi.

Bugun Toshkent shahridagi "Turkiston" saroyida g‘oliblarni e'lon qilish va taqdirlash marosimi o‘tkazildi.

Milliy mukofotining internet-jurnalistika yo‘nalishida Kun.uz sayti xodimi Eldor Asanov 3-o‘rinni egalladi va maxsus diplom, “Oltin qalam” ko‘krak nishoni hamda statuetkasi bilan taqdirlandi.

Bu yo‘nalishda 1-o‘rinni "Buvayda gazetasi"ning sayti qo‘lga kiritdi. 2-o‘ringa esa ummat.uz saytida e'lon qilingan materiallari uchun  Toshkent shahridagi «To‘xtaboy» jome masjidi imom xatibi  Ishoqjon Begmatov loyiq ko‘rildi.

Tanlovga 2015 yilning 31 martidan 2016 yilning 31 martigacha — bir yil davomida gazeta va jurnallarda chop etilgan, radio orqali efirga uzatilgan hamda televideniyeda ko‘rsatilgan va internet nashrlarida berilgan materiallar 2016 yilning 10 apreligacha qabul qilindi.

O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi Jurnalistlarni qayta tayyorlash markazi bilan hamkorlikda milliy va xalqaro jurnalistikaning eng yuksak yutuqlarini keng ommalashtirish, OAV xodimlari fuqarolik pozitsiyalarini namoyon etishlari uchun sharoit yaratish hamda jurnalistlarda tanqidiy fikrlashni va ijodiy faoliyatga yangicha yondashuvlarni shakllantirish maqsadida o‘tkazilgan xalqaro tanlovda 510 nafar jurnalist 8500ga yaqin ijodiy ish bilan qatnashdi. Ular orasidan bosh milliy mukofot sohibi, televideniye, radio, bosma ommaviy axborot vositalari va internet-jurnalistika yo‘nalishlari bo‘yicha g‘oliblar, shuningdek, «Eng yaxshi fotoreportaj» va «Eng yaxshi matbuot xizmati» yo‘nalishlarida rag‘batlantiruvchi mukofotlar sohiblari aniqlandi.

Mazkur nominatsiyalar g‘oliblari diplom, «Oltin qalam» statuetkasi va eng kam ish haqining 50 barobari miqdorida pul mukofoti bilan taqdirlandi.

Tanlovni o‘tkazish, g‘oliblarni taqdirlash bilan bog‘liq sarf-xarajatlar uchun mablag‘ O‘zbekiston respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat tijorat tashkilotlarni va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash Jamoat fondi tomonidan ajratildi.

Shuningdek, tanlovda O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi, O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi kengashi, O‘zbekiston Mustaqil bosma OAV va axborot agentliklarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish Jamoat fondi, YuNeSKOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi, BMTning Axborot ofisi, «Hududiy muloqot» (Sloveniya), USAID’ning O‘zbekistonda sil kasalligiga qarshi kurash bo‘yicha dasturi, Germaniya Xalq universitetlari DVV International xalqaro assotsiatsiyasining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rag‘batlantiruvchi nominatsiyalarda o‘z mukofotlarini ta'sis etgan.

Tadbir doirasida taniqli san'at ustalari, o‘zbek milliy estradasi yulduzlari va yosh san'atkorlar ishtirokida konsert dasturi namoyish etildi.