Iqtisodiyot | 16:48 / 04.05.2016
21615
2 daqiqa o‘qiladi

2016 yilda paxta maydonlari 30,5 ming gektarga qisqartirildi

O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi va Davlat statistika qo‘mitasi O‘zbekiston Respublikasini 2016 yilning birinchi choragida ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlarini e'lon qildi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Qishloq xo‘jaligini yanada isloh etish va rivojlantirish dasturiga muvofiq, joriy yilda paxta maydonlari 30,5 ming gektarga qisqartirildi. Paxtadan bo‘shagan yerlar hisobga olingan holda, asosiy ekin maydonlariga, 172,6 ming gektarga sabzavot, 86,3 ming gektarga kartoshka va 26,3 ming gektarga poliz ekinlari ekildi. 5,2 ming gektar maydonda yangi intensiv bog‘lar barpo etildi, 5,7 ming gektar maydondagi bog‘ va 3,2 ming gektar tokzor rekonstruksiya qilindi, 163 gektar maydonda 4264 issiqxona tashkil etildi.

Meva-sabzavotlarni saqlash bo‘yicha moddiy-texnik bazani yanada mustahkamlash va rivojlantirish maqsadida 10,5 ming tonna meva-sabzavot mahsulotlarini saqlash uchun 16 yangi sovutish kamerasi tashkil etildi.

Natijada shu yilning birinchi choragida 53,1 ming tonna sabzavot (2015 yilning shu davriga nisbatan 110,6 foiz) yetishtirildi. Yil boshidan buyon 95,1 ming tonna meva-sabzavot eksport qilindi.

Chorvachilik tarmog‘i salohiyatini yanada yuksaltirish chora-tadbirlarini amalga oshirish doirasida joriy yil boshidan buyon yirik shoxli qoramol va parrandalarni ko‘paytirish, baliqchilik va asalarichilik xo‘jaliklarini rivojlantirish bo‘yicha 664 loyiha hayotga tatbiq etildi. Buning samarasida shu yilning birinchi choragida yirik shoxli qoramollar soni 11,5 milliondan oshdi (2015 yilning shu davriga nisbatan 105,8 foiz), 425,8 ming tonna go‘sht (106,1 foiz), 12,7 ming tonna baliq (110 foiz), 1 594,8 ming tonna sut (106,4 foiz), 1 180,4 million dona tuxum (106,7 foiz) va boshqa mahsulotlar ishlab chiqarildi.

Mavzuga oid