Jahon | 22:16 / 05.05.2016
25206
3 daqiqa o‘qiladi

DWN: Erdo‘g‘anning kuyovi Turkiyaning yangi bosh vaziri bo‘lishi mumkin

Rajab Toyib Erdo‘g‘anning kuyovi, Turkiya Energetika vaziri Berat Albayrak mamlakat bosh vaziri lavozimiga aylanishi imkoniyatlari nisbatan ko‘proq bo‘lgan nomzod sifatida qaralmoqda. Bu haqda Deutsche Wirtschafts Nachrichten nashriga asoslanib RIA Novosti xabar tarqatgan.

Shuningdek, Ahmad Dovudo‘g‘lining iste'fosidan keyin bo‘shab qolgan lavozimni egallashi mumkin bo‘lgan nomzodlar qatorida Transport vaziri Binali Yildirim nomi ham tilga olingan, ammo Albayrakning imkoniyat ko‘proqligi aytilmoqda.

Nashrda ta'kidlanishicha, Erdo‘g‘anning kadrlar bo‘yicha siyosati ishonchsizlikka asoslanishi bilan xarakterlanadi, ammo hozircha oila a'zolari bundan mustasno.

Albayrak nomzodi nafaqat oila a'zosi ekani uchun, balki Energetika vaziri sifatida ham bu o‘rinni egallashi foydali bo‘lishi mumkin.
U vazir sifatida sohani oila tomonidan nazorat qilinishini ta'minlagan.

Nashr biroz muqaddam Erdo‘g‘anning o‘g‘li Bilol Erdo‘g‘anning IShID terrorchilari bilan neft borasidagi kelishuvlari haqida tarqalgan xabarlarni eslatib o‘tgan va bu soha Turkiya uchun eng zarur bo‘lgan sohalar sirasiga kirishi ta'kidlangan.

2015 yilning noyabr oyida Suriya Axborot vaziri Omran Az-Zoubi IShID nefti Bilol Erdo‘g‘anga tegishli transport kompaniyasi tomonidan tashilishi haqida xabar qilgan edi. Suriyalik siyosatchining so‘zlariga ko‘ra, Turkiya prezidentining o‘g‘li jangarilardan xomashyo va tarixiy yodgorliklarni ham sotib olgan.

Boshqa bir ayblovlarga ko‘ra, Bilol Iroqni bosib olgan jangarilarning neftlarini xarid qilgan va uni Osiyo mamlakatlariga o‘tkazib yuborgan, shu bois, mahalliy OAV Bilolga "IShIDning neft vaziri" nomi berilgan.

Bugun Turkiya bosh vaziri Ahmad Dovudo‘g‘li  o‘z lavozimidan va Adolat va taraqqiyot partiyasi rahbarligidan ketishi haqida rasman e'lon qildi.

Ahmad Dovudo‘g‘li 2014 yilda Turkiya bosh vaziri lavozimini egallagandi. Uni Rajab Toyib Erdo‘g‘an o‘zining o‘rniga partiya rahbarligida qoldirgandi. So‘nggi vaqtlarda Erdo‘g‘an va Dovuto‘g‘li o‘rtasida kurdlar muammosi hamda hukumatni tanqid qiluvchilarni ta'qib qilish masalalari borasida ziddiyatlar yuzaga kelgan. Shuningdek, siyosatchilar migratsiya muammosi masalasida qarama-qarshi fikrlarda bo‘lib kelishmoqda.Qolaversa, Dovudo‘g‘li Erdo‘g‘anning prezident vakolatini kengaytirish, bosh vazirning darajasini kamaytirish va parlament tizimini isloh qilish bo‘yicha qarorlariga qarshi chiqqan.

Yangi bosh vazir nomi Turkiya hukmron partiyasining 22 may kuni o‘tkaziladigan navbatdan tashqari qurultoyi vaqtida ma'lum qilinishi kutilmoqda.

Mavzuga oid